O‘zbekistonda banklar va ularning filiallari odatdagi tartibda ishlamoqda, faqatgina bank binosidan tashqarida joylashgan bank kassalari va valuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Husanxo‘ja Obidov 4 aprel kungi brifingda shu haqda ma'lumot berdi.

«Bugungi kunda bank filiallari odatdagi tartibda faoliyat yuritib kelmoqda. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda ijtimoiy masofalanishni ta'minlash maqsadida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ta'sir qilmagan holda bank binosidan tashqarida joylashgan bank kassalari va valuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Bunda fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar va bojxona-chegara hududida joylashgan bank infratuzilmasi hamda aholiga pensiya tarqatish maqsadida tashkil etilgan sayyor kassalar bundan mustasno.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan bank kassalari va valuta ayirboshlash shoxobchalari bank tizimidagi mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi infaratuzilmaning 30 foizini tashkil etadi xolos. Ya'ni asosiy infratuzilma odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda», deya Husanxo‘ja Obidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Markaziy bank vakiliga ko‘ra, bugungi kunda valuta ayirboshlash operatsiyalari ustuvor ravishda avtomatlashtirilgan, ya'ni 27/7 rejimida valuta ayirboshlash bankomatlari orqali amalga oshirib kelinmoqda.

Hozirgi vaqtda hududlarda jami 700ta avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash bankomati ishlab turibdi, tez orada yana 300 ta shunday bankomatlar o‘rnatilishi ta'minlanadi.

«Banklarning mobil ilovalari orqali ham valutalarni ayirboshlash mumkin.

Bundan tashqari, mijozlar uydan turib mobil telefonlari yordamida xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega. Masalan, fuqarolarimizga xorijdan yaqinlari pul yuborgan bo‘lsa, ushbu pulni banklarning mobil ilovalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri plastik kartalariga o‘tkazib olishlari ham mumkin.

Yana bir masala: 65 yoshdan oshgan fuqarolarimizning harakatlanishi taqiqlangan paytda boshqa odamlar tomonidan pul mablag‘larini yetkazib berish jarayonida kasallik yuqishi ehtimolini hisobga olgan holda tegishli tijorat bankiga og‘zaki ravishda, ya'ni telefon vositasi orqali yoki elektron shaklda murojaat qilinganda, bank bilan kelishib pulni qabul qilib oluvchiga yetkazib berilishi ham mumkin», deydi Husanxo‘ja Obidov.