Bir necha oy oldin internet olamida, ijtimoy tarmoqlarda bir mavzu yaxshigina bahslarga sabab bo‘lgandi. Yo‘l harakatini buzgan haydovchilarni videoga olib, tegishli organlarga jo‘natgan shaxsga ma'lum foiz mukofot berilishi haqidagi xabarlarni eslang. Bu ishni o‘ziga kasb qilib olib, erta-yu kech qoidabuzarlarni poylab o‘tirish, o‘sha pul bilan oila boqishni o‘rganib olganlar borasidagi muhokamalarni bir chetga surib turamiz. Bu qay daraja yarashadigan ish, bu ham mavzumizga aloqasi bo‘lmagan qarashlar, e'tibor bermaymiz. Lekin aynan, yo‘lda ketayotganingizda, boshqa bir haydovchining qoida buzayotgani, tezlikni oshirganini ko‘rib, bu haqida xabar berish to‘g‘ri ishmi yoki yo‘q? Xalq tili bilan aytganda, bu «kazyollik»mi?

Bu masala hatto diniy tarafdan ham muhokama qilingan, qaysidir bir saytda «musulmon boshqa bir musulmonning aybini yashirishi kerak» degan ma'noda berilgan javob yanada ko‘pchilikning noroziligiga uchragandi. Rostdan ham, nazarimda, o‘shanda javob sal oshirib yuborilgan, zero Islom dinida mo‘min mo‘minning aybini yashirishi kerakligi, ko‘proq shaxsiy, boshqaga, jamiyatga zarari yetmaydigan holatlardagina tilga olinadi – masalan, o‘z uyida aroq ichib o‘tirgan oddiy odamni boshqalar oldida sharmanda qilishga urinish, chaqimchilik deb qoralanadi. Lekin jamiyatga, insonlarga zulm bor joyda, kimdir o‘g‘rilik qilsa, pora olsa yoki boshqa shunga o‘xshash ishlarda, fuqaro o‘z mas'uliyatini his qilishi, ya'ni kerakli joyga xabar berishi kerak. Yo‘l harakati qoidalari u qadar jiddiy qoida emasligi, jarimalar ko‘pligi tufayli, zulmga sabab bo‘lishingiz mumkinligi yoki o‘sha tezlikni oshirgan shaxs zarur ish bilan ketayotgan bo‘lishi mumkinligi kabi izohlar, keyingi darajadagi masala. Aslida yo‘l harakati qoidalarini buzish ham jiddiy ayb, hatto, insonlarning hayotiga zomin bo‘lish mumkin. Avariyadan o‘lganlar soni koronavirusdan ham ancha ko‘p bo‘ladi.

Aslida nafaqat yo‘l harakati, balki boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan ham, ancha keng yondashamiz. Bir odamning poraxo‘rligini bilib turib ham hurmat qilamiz, qonun bo‘yicha jinoyat hisoblangan juda ko‘p amallarni oddiy qabul qila olamiz. Kerakli joyga xabar berishni-ku, qo‘yavering, bu inson uchun eng jirkanch ish hisoblanadi go‘yo. Aslida, o‘sha jinoyatlar aylanib kelib, bevosita o‘zimizning hayotimizni yomonlashtirayotgani haqida o‘ylamaymiz, buni bog‘lash ham qiyin.

Xullas, agar jamiyat deganda biz davlat, qonunlar va odamlarning o‘zaro munosabatini tushunadigan bo‘lsak, bizda davlat bor, uning quroli sifatida qonunlar bor, xalq unga qarshi kurashuvchi bir alohida sub'yekt sifatida tushunib qolingan. Ya'ni qonunlar aslida aholining tartibli yashashlari, kimdir boshqasining ustidan zulm o‘tkazmasligi, ya'ni, adolat ta'minlanishi uchun kerak bo‘lgan vosita sifatida qabul qilinmaydi.

Koronavirus davri shu jihatdan, juda sodda va aniq tajriba bo‘lib, hatto jamiyatshunoslikda amaliy dars sifatida o‘rgatiladigan obektga aylanmoqda. Sababi, virusning asosiy xususiyati boy va kambag‘al, amaldor va ishsiz deb odam ajratmasdan, butun xalq uchun teng xavf bo‘lishidir.