Ammo hamon bir qancha davlatlar global pandemiyadan chetda qolmoqda. Bunday davlatlar qatorida Turkmaniston ham bor, bu yerda hali ham koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Bu mamlakat - dunyodagi eng yopiq avtoritar davlatlardan biri hisoblanadi, shu tufayli bu mamlakat rasmiylari tomonidan berilayotgan ma'lumotlar shaffofligiga shubha bor.

«Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistikasi ishonchli emasligi ma'lum», deydi ushbu mamlakatdagi salomatlik tizimini o‘rgangan professor, London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi vakili Martin Makki.

«Ko‘p yillar mobaynida ular mamlakatda OIV-infeksiyasidan zararlanishning atigi ikki holati mavjudligi haqida aytib kelishadi. Lekin bu ma'lumot mutlaqot xato. O‘tgan o‘n yillar davomida ular mamlakatda OIV/OITS bilan kasallanganlar yo‘qligini ta'kidlab kelishdi. Bu raqam ham haqiqatga mos kelmaydi. Biz yana shuni bilamizki, 2000-yillarda ular qator kasalliklar avj olishini yashirishgan, jumladan vaboni ham», deya o‘z shubhalarini asoslaydi Makki.

BBC muxbiri Abdujalil Abdurasulovning qayd etishicha, bu yerdagi ko‘pchilik mamlakatda allaqachon koronavirus mavjud bo‘lishi mumkinligi haqida aytishga ham qo‘rqadi.

«Davlat tuzilmasida ishlaydigan tanishlarimdan biri virus haqida gapirmasligim kerakligi, aks holda muammolarga duch kelishim mumkinligi haqida aytgandi», deydi o‘z nomi sir qolishini so‘ragan ashxobodliklardan biri.

Shu bilan birgalikda, Turkmaniston hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi choralarga tayyorlash bo‘yicha ish olib bormoqda. BMTning Turkmanistondagi agentligi, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotii bilan hamkorlikdagi harakatlar rejasi muhokama qilinmoqda.

Kurash rejasi

Yelena Panovaning aytishicha, BMT Turkmanistondagi vaziyat bo‘yicha rasmiy ma'lumotlarga asoslanadi
UNITED NATIONS

BMTning Turkmanistondagi vakili Yelena Panova BBC bilan suhbatda bu reja koronavirusni aniqlash, tashxis qo‘yish, kommunikatsiya va boshqa muhim yo‘nalishlarda muvofiqlikda harakatlanishni ko‘zda tutadi.

Panova muxbirning BMT ushbu mamlakatdagi holat bo‘yicha statistikaga qanchalik ishonishi haqidagi savoliga shunday javob qaytargan: «Biz boshqa barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi rasmiy ma'lumotga tayanamiz. Hukumat bizga va JSSTga ma'lumotlarni taqdim etadi, bu biz shu ma'lumotlarga asoslanib ish yuritamiz. Bu yerda ishonch haqida gap ketmayapti, ish shunday yo‘lga qo‘yilgan».