«Bugun insoniyat misli ko‘rilmagan og‘ir sinovni boshdan kechirmoqda. Ko‘z ilg‘amas xatar barchaga birdek tahdid solmoqda. So‘nggi kunlarda zaminimizda sodir bo‘layotgan tashvishli voqealar har birimizdan hamjihatlikni, mehr-muruvvatni talab qiladi.
Ushbu jarayonga «Vaqf» xayriya jamoat fondi ham ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shmoqda. Fond tomonidan 16 mart – 2 aprel kunlari yordamga muhtoj aholi vakillari uchun jami 190 million million so‘mga yaqin xayriya yordamlari yetkazildi.
Bunda xayriyalar yordamga muhtoj aholi vakillarining plastik karta raqamlariga (dori-darmon, davolanish uchun), ehtiyojmand kishilarning uylariga esa oziq-ovqat mahsulotlari shaklida, shuningdek, mahalla va aholi gavjum joylarda bepul niqoblar ko‘rinishida tarqatildi», dedi Xalilov Kun.uz muxbiriga.
Fond direktori Qur'oni karim hamda hadisi shariflarda tarannum etilgan va xalqimizning qon-u joniga singib ketgan insonparvarlik va mehr-muruvvat kabi fazilatlarni bugungi sinovli kunlarda namoyish etish pallasi kelgani, xayr-ehson qilish va bir-birimizga naf keltirish eng oliy insoniy burchimizga aylanganini ta'kidlab o‘tgan.
«Bu borada «Vaqf» fondi koronavirusga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash uchun ta'sis etilgan «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga asosiy hisob raqamidan 50 million mablag‘ so‘m o‘tkazib berdi (zakot, fitr-sadaqasi va ijtimoiy xayriya aksiyalaridan tashqari mablag‘lar).
Nima demoqchiman? – Har birimiz sinovlar avvalo Allohdan ekanini anglagan holda o‘zaro birdam, sabr-u matonatli bo‘lib, ezgu ishlarni ko‘paytirsak, xayrli duolar qilsak, boshimizga kelgan musibatdan tez orada eson-omon o‘tamiz, insho Alloh», deydi Iskandar Xalilov.












