Endilikda uning vazifasini Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab bajarib turadi. Boris Jonson ishonib o‘z vazifasini vaqtinchalik topshirgan bu vazir kim, bosh vazir mamlakatni boshqarishni nega unga topshirdi, quyida shular haqida.

Dominik Renni Raab 1974 yilda chexoslovakiyalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng avval Oksfordda, so‘ng Kembrijda tahsil olgan.

Turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelgan Dominik Raab 2018 yilning 9 iyulida sobiq bosh vazir Tereza Mey tuzgan ikkinchi hukumatda Devid Devis o‘rniga Yevropa Ittifoqidan chiqish bo‘yicha vazir (Breksit vaziri) lavozimiga tayinlanadi. Hukumat tarkibida qisqa muddat ishlab, 2018 yil 21 oktyabrda iste'foga chiqadi.

Boris Jonson Buyuk Britaniya bosh vaziriga aylangach, u 2019 yil 24 iyulda Dominikni tashqi ishlar vaziri etib tayinlaydi. Boris Jonson 2019 yil dekabrida ikkinchi hukumatni shakllantirganida Dominik Raab o‘z lavozimini saqlab qolishdan tashqari hukumatda birinchi vazir maqomini ham oladi. Bu unga Boris Jonson ishonganidan dalolat edi. Kecha 6 aprel kuni Boris Jonson unga Buyuk Britaniyaning vaqtinchalik boshqarib turishni topshirib, o‘sha ishonchini yana bir bor isbotladi.

Toni Blerning xaloskori

Dominik Raab tashqi ishlar vazirligida ishlab yurgan paytlarida Britaniya tashqi ishlar vazirligining Haaga xalqaro sudidagi vakili sifatida ishlagan paytida keng omma e'tiboriga tushgan.

O‘shanda u Serbiyaning sobiq prezidenti Slobodan Miloshevich va Bosniyadagi Serb respublikasi prezidenti Radovan Karadjich ustidan bo‘lib o‘tgan sud jarayonlarida qatnashadi. Sud majlislaridan birida Slobodan Miloshevich sudyadan Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Blerni guvoh sifatida chaqirib, so‘roq qilishni talab qiladi. O‘shanda aynan Dominik Raab keltirgan dalillar ortidan sudya Miloshevichning talabini rad etadi. O‘sha voqeadan keyin Dominik Raab Toni Blerning xaloskori sifatida tilga olingandi.

Feministlar tanqidchisi

2011 yilda, Isher va Uolton okrugidan Britaniya parlamentining deputati bo‘lgan Raab feministlarni «jirkanch murosasizlik»da ayblab chiqadi.

O‘shanda, o‘z aybloviga izoh bergan Dominik Raab so‘nggi vaqtlarda erkaklar dunyo bo‘ylab «shafqatsiz kamsitilish»ga duch kelayotgani haqida gapirgan.

Dominik Raabning fikriga ko‘ra, dunyo bo‘ylab erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq ishlaydi, ammo ish joylarini ayollardan ko‘ra osonroq yo‘qotadi.