Iqtisodiyot | 07:30 / 08.04.2020
28731
3 daqiqa o‘qiladi

Soliqlarni uydan turib to‘lash imkoniyati yaratildi

Karantin davrida transport harakatining cheklangani, fuqarolardan uydan chiqmaslik so‘ralayotgani bois soliq to‘lovlarini masofaviy shaklda amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Foto: KUN.UZ

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi soliq to‘lovlari bilan bog‘liq barcha harakatlarni o‘zida jamlovchi «SOLIQ» mobil ilovasini taqdim etdi.

Ilovada soliq to‘lovchilar uchun ko‘plab elektron soliq xizmatlari jamlangan. Xususan, jismoniy shaxslar mobil ilova yordamida yer va mol-mulk soliqlari summalarini aniqlashi va to‘lashi mumkin.

To‘lovlar bank plastik kartochkasi orqali amalga oshiriladi. To‘lovlarni «To‘lov reyestri» bo‘limidan tekshirish imkoni mavjud. Har bir amalga oshirilgan to‘lov bo‘yicha foydalanuvchiga xabar beriladi.

Mobil ilovada quyidagi xizmatlar mavjud:

  • soliq hisobotlari holatini tekshirish;
  • ish haqi to‘g‘risida ma'lumotlarni olish;
  • STIRni aniqlash;
  • shaxsiy hisobvaraq ma'lumotlari – hisoblangan, to‘langan soliqlar, qarzdorlik yoki vaqtida to‘lanmagan qarzdorlik uchun ustamalardan xabardor bo‘lish;
  • soliq obektlari, soliq to‘lovchi, QQS to‘lovchilari to‘g‘risida ma'lumot olish;
  • soliqni hisoblash kalkulyatoridan foydalanish;
  • soliq organi rahbari qabuliga yozilish.

«SOLIQ» mobil ilovasida barcha turdagi foydalanuvchilar uchun soliq va majburiy to‘lovlarning to‘lov muddatlari, soliq imtiyozlari to‘g‘risida xabar beruvchi «Taqvim» bo‘limi mavjud.

Shuningdek, soliq to‘lovlari bilan bog‘liq me'yoriy hujjatlar, turli bahsli holatlar bo‘yicha ma'lumotlar ham mobil ilovada joylashtirilgan.

Jismoniy shaxslar mobil ilova orqali shaxsiy kabinetiga Elektron raqamli imzo (ERI) yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL) orqali kira oladi. PINFLni pasportdan aniqlash mumkin.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, haqiqiy daromadni yashirish, savdo-sotiq qoidalariga rioya etmaslik, xususan narxlarning sun'iy ravishda oshirilishi kabi salbiy holatlar uchraganda mobil ilova orqali soliq organlarini xabardor qilish imkoniyati bor.

«Soliq» mobil ilovasini GooglePlay’dan ko‘chirib olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytirilgan.

Mavzuga oid