Germaniyada infeksiyani yuqtirish xavfini kamaytirish uchun ba'zi klinikalarda koronavirusga test avtoturargohlardayoq olinmoqda.
Foto: GETTY IMAGES

135 mingdan ortiq holat aniqlangan Italiyada 17 ming kishi vafot etdi, 140 ming kishida virus aniqlangan Ispaniyada esa 14 ming kishi hayot bilan vidolashdi. Fransiyada holatlar soni 110 ming kishiga yaqinlashmoqda, o‘lim ko‘rsatkichi 10 mingdan ortib ketgan.

Xo‘sh, Germaniyada COVID-19 bemorlarining hayoti qanday saqlab qolinmoqda?

Mamlakatga koronavirus kirib kelishidan oldinoq test yaratilgan

Germaniyada koronavirusning ilk qurbonlari haqidagi xabar 9 mart kuni paydo bo‘ldi. Haynsbergda 78 yoshli chol vafot etdi, Essenda esa 89 yoshli kampir. Har ikki shahar Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerlarida joylashgan, bu yerda o‘sha vaqtda yangi koronavirus bilan zararlanganlar soni 484 nafarga yetgandi. Butun mamlakat bo‘ylab 1112 kishiga tashxis qo‘yilgan edi.

Bundan bir yarim oy avval, 27 yanvarda Bavariyada avtomobil ehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi Webasto kompaniyasida ishlovchi 33 yoshli erkakda koronavirus tasdiqlangan edi. Bemor bungacha shanhaylik hamkasbi bilan aloqa qilgan, bungacha uning oldiga SARS-CoV-2 o‘chog‘i bo‘lgan Uhanda yashovchi ota-onasi kelib ketgan bo‘lgan. Shunday qilib jahonda ilk bor Xitoydan tashqarida qarindosh bo‘lmagan insonlar o‘rtasida virusning yuqtirilishi qayd etilgan edi. Virusning Germaniyaga ilk «tashrifi» ham shu edi.

Ertasi kuni Webasto kompaniyasining yana uch xodimida koronavirus topildi. Ikki kun o‘tgach, Bavariya yerining boshqa shaharlarida istiqomat qiladigan shu kompaniyaga ishlovchi ikki erkak va ulardan birining rafiqasida ham testning ijobiy natijasi qayd etildi. 11 fevralga kelib kompaniyaning yana bir qator xodimlari va ularning oila a'zolari zararlangani ma'lum bo‘ldi.

Undan ham avvalroq — 2020 yilning boshida, virus hali Xitoyni tark etmagan kunlarda nemis mutaxassislari inson organizmida koronavirus borligini aniqlab beruvchi test ustida ish boshlashgan edi. Yanvar oyi o‘rtalariga kelib Berlinning Sharite kasalxonasi qoshidagi virusologiya institutida ilk testni yaratishdi. Olimlar jamoasiga 2003 yilda SARS koronavirusini aniqlash uchun tahlil ishlanmasi bilan shug‘ullangan institut direktori Kristian Drosten boshchilik qilgan. Endi u pandemiya masalalari bo‘yicha mamlakatdagi eng nufuzli inson.

Doktor Drosten har kuni COVID-19’ning xususiyatlaridan hikoya qiluvchi yarim soatlik podkast olib boradi. Bu format millionlab tinglovchilarni jalb qildi, ayrimlar allaqachon uni kansler lavozimiga ko‘tarish kerak, degan takliflarni berishmoqda.