Bu yilning bahori dunyoning barcha mamlakatlari uchun og‘ir keldi. Yanvar-fevral oylarida faqat Xitoyning o‘z muammosi bo‘lib turgan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham jiddiy qaramagan koronavirus fevral oyi oxiri va mart oyi boshiga kelib butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi. Natijada barcha davlatlar hukumatlari epidemiologik noxush hududlardagi fuqarolarini ulgurganicha evakuatsiya qildi va xalqaro aviaaloqalarni to‘xtatib, chegaralarini yopdi va turli darajada karantin choralarini joriy qildi.
O‘zbekiston hukumati ham ilk bemor aniqlanishi bilan zarur choralarni ko‘rishga kirishdi. Avvaliga 16 mart kunidan barcha ta'lim muassasalari faoliyati to‘xtatildi, ko‘p o‘tmay turli muassasalar, shu jumladan umumiy ovqatlanish muassasalari yopildi. 22 mart kuni mamlakat bo‘ylab barchaga tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ldi, turli tashkilotlar xodimlari masofadan ishlash tartibiga o‘tdi, oy oxiriga kelib viloyatlararo transport harakatiga cheklov qo‘yildi, shaharlarga kirish va chiqish cheklandi, 30 mart kunidan O‘zbekiston xorij bilan aviaaloqalarni butunlay to‘xtatdi. Mamlakatda qat'iy karantin choralari amal qilmoqda. Butun dunyoda bo‘lgani kabi.
Shunday pallalarda vaziyatni his qilmayotganlar, qo‘llangan choralarni tushunmayotganlar va noshukrlik qilayotganlar ham uchramoqda.
«Hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev! Biz Rossiyada qolib ketgan yurtdoshlaringizga yordam bering... Aeroportda qiynalib qoldik... »
«Hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovich! Sizga xalq nomidan murojaat qilyapmiz! Biz Dubayga sayyohlik bilan kelganlar... Mehmonxonada qolib ketdik...»
«Biz Londondagi vatandoshlar... »
«Istanbuldan murojaat qilyapmiz... »
«Mana, bizni 14 kunga karantinga joylashtirgan joyining ahvoli...»
«Mana bunga kim to‘yadi, kambag‘alni ustidan kulishmi bu...»
To‘g‘risi, bugungi kunning ommaviy media tarmog‘i bo‘lgan turli telegram kanallar, ijtimoiy guruhlarda shu kabi murojaatlar ko‘ngilni behuzur qilmoqda. Shu vaqtga qadar bunday murojaatlarga e'tibor qilmay kelayotgandim. Albatta, barchaning gapirish huquqi bor. Endi men ham shu huquqdan foydalanmoqchiman. Men ham murojaat qilmoqchiman.
Yuqoridagi kabi murojaatlarni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab topish mumkin. Telegramda ham, Instagramda ham, Feysbukda ham shunday videolar aylanmoqda. Ularning ayrimlarida kaltafahmlik, sabrsizlik va noshukrlik haddan tashqari, bunday videolar ayrim nashrlar uchun tekin mavzu bo‘layotgani esa alohida mavzu.
















