Caravan.kz xabariga ko‘ra, bu sxemada taksichilardan tashqari, shahar chegarasidagi ikki xonadon egalari ham ishtirok etgan. 

Sxema bunday ishlagan: taksichi mijozni shahar chekkasidagi uyga olib kelgan. Mijoz taksidan tushib, uyga kirib, hovli orqali chegarani kesib o‘tib, viloyat hududidagi boshqa uyning hovlisiga kirgan. U yerdan chiqib, ikkinchi taksiga o‘tirgan va manziliga yetib olgan. 

Sxemaning har bir ishtirokchisi o‘z ulushini olgan. Xususan uy egalari har bir mijozdan 3 ming tanga (7 dollar) ishlab olishgan.

Xabarga ko‘ra, taksichilar va uy egalari qo‘lga olingan. Endi ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Qozog‘istonning Ma'muriy javobgarlik kodeksiga asosan, karantin qoidalarini buzganlik uchun 60 dollar miqdoridagi jarima yoki 15 sutka qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.