Rossiyaning Sport24 nashri vatandoshimizdan shular va boshqa ko‘plab narsalar haqida intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.

— Odil, yaqinda Namanganga insonparvarlik yordamini yuboribsiz. Bu xayrli ish haqida gapirib bersangiz.

— Hozir hamma uchun og‘ir davr. Shu sababli Xitoyga kelib, shifokorlar va shifoxonalar uchun zarur bo‘lgan qo‘lqoplar, niqoblar, ko‘zoynaklar va boshqa ko‘plab narsalarni O‘zbekistonga yubordim.

— Koronavirus nafaqat Xitoyni, balki butun dunyoni egallashini kutganmidingiz?

— Yo‘q albatta. Biz butun dunyoning aziyat chekishini kutmagandik. Uhanda qandaydir virus tarqalgani haqida xabar chiqqan dastlabki kunlarda hech kim bunday bo‘lib ketishini o‘ylamagan edi. Men koronavirusning Uhandan chiqmasligini kutgandim. Ammo, afsuski 1 haftadan so‘ng butun Xitoy zararlandi. Bu dahshatli va qo‘rqinchli.

— Xitoyda qisqa vaqt ichida shifoxona va virusga qarshi kurash markazlari qurildi...

— Bu yerda hukumat nima desa, fuqarolar shuni bajaradi. Karantin deb aytildi – barcha xitoyliklar uyida o‘tirishdi. Menimcha mana shu xislatlar tufayli koronavirus mag‘lub etildi. Albatta uni faqat karantin bilan yengish mumkin. Xitoyliklar buni darhol tushunib yetishdi. O‘zbekistonga yo‘l olganimda, aeroport tomon harakatlanayotgan biror mashinani ko‘rmadim. Mana sizga tartib-intizom.

— Hozir Xitoyda nima yuz bermoqda?

— Hayot iziga qaytdi. Ko‘chalarda odamlar ko‘p, hammasi ochiq. Oldingidek qo‘rquv yo‘q. To‘g‘ri, Shanxayda odamlar niqobda yuribdi, ehtiyotkorlik qilishyapti. Ammo, umuman olganda hammasi yaxshi.

— Xitoy chempionati qachon boshlanadi, klub rahbariyati nima deyapti?

— Shanxayga qaytib, 2 hafta karantinda o‘tirdim. Hozir esa to‘laqonli shug‘ullanyapmiz. Mavsumning qachon boshlanishi ma'lum emas. Tushunishimcha, futbol bo‘lishi uchun koronavirus to‘liq ketishi, hech kim kasal bo‘lmasligi kerak. Xitoyda virusni to‘liq yengib o‘tishmoqchi. Faqat shundan keyin – futbol. Menimcha gap may oyining oxiri yoki iyun oyi haqida ketyapti.