Jurnalistlar bilan murosa qilishni xush ko‘rmaydigan Tramp bu gal CBS News muxbiri Paula Reydning savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermay, gapni boshqa yoqqa burdi – OAV va demokratlarni ayblashga o‘tdi.

Muxbir prezidentdan mamlakatni koronavirus pandemiyasidan saqlab qolish uchun qanday choralar ko‘rgani haqida so‘radi. «Now This» media kompaniyasi tarqatgan videodan ko‘rinishicha, bu savolga Tramp tomonidan aniq javob bo‘lmagan.

«Men o‘n minglab, balki yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qoldim», – deydi Donald Tramp.

– Xitoydan qatnovni to‘xtatgandan keyin vaqtni shifoxona qurishga, test o‘tkazishga sarflamadingiz.

– Siz o‘zingizni juda yomon tutyapsiz. Meni eshiting. Men bularning barchasini o‘ylab ko‘rdim.

– Odamlar o‘zlarini xavfsiz his qilishi kerak. Misli ko‘rilmagan inqiroz yuzaga kelyapti.

– Butun AQShda qanday yo‘l tutish kerakligini hech kim bilmasdi. Lekin men buni qildim.

– Aynan nima qildingiz?

– Nima qilganimizni bilmoqchimisiz?

– Siz ko‘rsatgan videoda fevral oyi uchun hech narsa ko‘rsatilmagan. Vaholanki, fevral oyida kasallanish holatlari bor edi.

– Butun AQSh bo‘yicha birorta ham kasallanish qayd etilmagan holatda, siz nima qilgan bo‘lardingiz?

– Fevral oyida kasallanganlar bor edi.

– Uzr, ammo sizlar bu haqida xabar bergansizlar. 17 yanvar holatiga ko‘ra, kasallanish va o‘lim holatlari mutlaqo yo‘q, deb aytgansizlar.

– Bu yanvar holatida. Men fevral haqida so‘radim.

– Men yanvar haqida gapiryapman.

– Aynan kasallik holatlari qayd etila boshlangandan keyin siz va sizning administratsiyangiz nima qilganini bilmoqchiman.

– Biz ko‘p ishlar qildik. Biz qilingan ishlar ro‘yxatini beramiz.