Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi To‘raqo‘rg‘on tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi:
2020-2022 yillarda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
2020-2022 yillarda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;
2020-2022 yillarda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash parametrlari;
2020-2022 yillarda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yo‘l-kommunikatsiya tizimi va ijtimoiy sohani yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar;
Dasturni amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va tizimli nazorat qilinishini ta'minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda tumanning “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi sobiq “Aerodrom”ga tegishli 4,5 gektar va “Shoxidon Nurli Diyor” massividagi 10,0 gektar bo‘sh turgan yer maydonlarini mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida ushbu hududlarda kichik sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi, Namangan viloyati hokimligi tumanning “Shahand” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xalq badiiy va amaliy san'atini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an'analarini to‘liq saqlab qolish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam ta'minlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish maqsadida “Hunarmandchilik markazi”ni tashkil etish bo‘yicha loyiha taklifini ishlab chiqadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Uzumchilikni rivojlantirish agentligi, Namangan viloyati hokimligi tumanning “Sohibkor” agrofirmasi hududidagi uzumchilikka ixtisoslashgan 120,0 gektar yer maydonda 5 yillik dastur asosida, bosqichma-bosqich ma'naviy eskirgan tokzorlarni sermahsul va eksportbop bo‘lgan uzum navlariga yangilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.














