Bugungi koronavirus pandemiyasi vaqtida mavzu yana dolzarblashganidan kelib chiqib, insoniyat kelajakdagi ehtimoliy epidemiyalarga qarshi qanday choralar ko‘rishi kerakligi haqida Bill Geyts besh yil avval bildirgan mulohazalarni eslab o‘tamiz.
«Bu safar omadimiz keldi xolos» – Bill Geytsning ebola epidemiyasidan keyingi ma'ruzasi 👉 https://kun.uz/27999060
Posted by
on Saturday, April 18, 2020
«Bolaligimda odamlar yadro urushidan qo‘rqishardi. Yerto‘lada suv va konserva zaxirasi saqlanadigan bochka bo‘lardi. Urush bo‘lib qolsa, yerto‘laga yashirinish va shu zaxira bilan kun ko‘rish nazarda tutilardi.
Bugun esa eng qo‘rqinchli katastrofa urush emas. Katastrofaning ko‘rinishi o‘zgardi. Bu – virus. Yaqin o‘n yillikda biron ofat millionlab odamlarni qirib yubora olsa, bu urush emas, virus bo‘ladi. Raketalar o‘rnini mikroblar egallaydi. Chunki yadro qurollanish uchun juda ko‘p pul sarflayapmiz. Epidemiyalar bilan kurashish uchun esa hech qancha. Insoniyat navbatdagi epidemiyaga tayyor emas.
Misol uchun, ebola. Bu haqida barchangiz eshitgansiz. Muammo juda murakkab. Men kasallik ma'lumotlarini o‘rganib chiqdim. Bu vaziyatda muammo tizimning samarasizligida emas. Umuman tizimning o‘zi yo‘qligida. Eng oddiy va muhim vositalar mavjud emas.
(Ma'lumot uchun, ebola – kam uchraydigan, lekin xavfli virus bo‘lib, uning eng yirik epidemiyasi 2014 yil apreldan 2015 yil dekabrgacha G‘arbiy Afrika davlatlarida kuzatilgan. Bu davrda 27 ming nafardan ziyod afrikalik virus bilan kasallangan, vafot etganlar soni 10 mingdan oshgan).
Kasallikni o‘z joyida borib o‘rganib, uning tarqalish darajasiga baho beruvchi epidemiologlar yo‘q. Klinik hisobotlar faqatgina qog‘ozlarda mavjud. Hisobotlar kechikib, birtalay noaniqliklar bilan e'lon qilindi.
Shay holatdagi tibbiy brigada yo‘q. Mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha metodika mavjud emas. «Chegarasiz shifokorlar» ko‘ngillilar kuchidan yaxshi foydalanishdi. Shunga qaramay, yordamchi kuchlarni kasallangan hududlarga yuborish harakati kechikdi. Vaholanki, yirik epidemiya 100 minglab odam mobilizatsiyasini talab etadi.
















