Xitoy dunyo yetakchilari orasida birinchi bo‘lib koronavirus zarbasini qabul qildi va qat'iy karantin joriy etib, yirik shaharlarini yopib qo‘ydi.
Juma kuni Xitoyda iqtisodiy zarar miqdori hisoblab chiqildi. Unga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotining yillik ko‘rsatkichi 6,8 foizga kamayishi prognoz qilingan. Bu Xitoy uchun dahshatning o‘zginasi. Chin o‘lkasida yillik ko‘rsatkichlar har yili 15 foizlab o‘sishiga o‘rganishgan. Hatto jahon iqtisodiy inqirozi vaqtida ham Xitoyda iqtisodiyot o‘sishdan to‘xtamagan.
Xitoy iqtisodi 1970-yillardagi Mao Tszedun o‘tkazgan «ma'naviy inqilob»dan buyon bunday qiyinchiliklarni ko‘rmagandi. Ishonavering, dunyo Xitoyga shunchalik bog‘lanib qolganki, bu mamlakatning iqtisodiy zararini sayyoradagi har bir fuqaro o‘z tanasida his qiladi.
2002-03 yillarda ham dunyoda SARS epidemiyasi tarqalgandi. O‘shanda Xitoy YaIMi dunyo iqtisodiyotining 4 foizini tashkil qilardi. Hozir esa dunyo iqtisodiyotining 17 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi va mamlakat YaIM bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, 18 yil oldingi epidemiya hozirgi kabi dahshatli ko‘rinish olmagan. 26 mamlakatda 8 ming kishi noma'lum pnevmoniyaga chalingan, qurbonlar soni 800dan oshmagandi. Taqqoslash uchun, koronavirus yuqtirganlar soni 2,2 milliondan oshdi, 150 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.
Xitoyning tag‘in omadi keldi
Xitoy zarar ko‘rishi boshqa boy mamlakatlarni ham hushyor bo‘lishga chaqirdi va ular ham zarardan qocha olmasliklarini his qilishdi. Kambag‘al davlatlar esa ular uchun ahvol yanada yomon bo‘lishini taxmin qilishlari mumkin. Iqtisodiyoti kuchli bo‘lmagan mamlakatlar katta davlatlar kiritadigan kapitallarga umid qilib, biznesni rivojlantirishadi. Pandemiya vaqtida esa hech kim boshqalarga pul berish haqida o‘ylamaydi. 2008 yilgi inqiroz vaqtida ham shunday bo‘lgan.
Xalqaro moliya instituti (IFF) hisob-kitoblariga ko‘ra, virus tarqalishi boshlangan yanvar oyi o‘rtalarida rivojlanayotgan bozorlardan 100 milliard dollardan ortiq kapital chiqib ketishi ma'lum bo‘ldi. Bu 2008 yildagi inqiroz vaqtidagidan ham ko‘proq edi. Bu ko‘rsatkichlar pasaymayapti. Mart oyining o‘zida o‘sha 100 milliardning 80 milliardi bozorlardan chiqib ketgan.



















