Intervyuda koronavirus infeksiyasi tarqalgan sharoitlarda paydo bo‘ladigan moliya va iqtisodiyotga doir muammolar, ularni yechish yo‘llari muhokama qilindi.

«Karantin oqibatlarining iqtisodiyotga ta'sirini kamaytirish va bartaraf etish uchun 10 trillion so‘m ajratilishi e'lon qilindi. 10 trillion so‘m qaysi mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi?» degan savolga moliya vaziri Timur Ishmetov javob berdi.

— Prezident qarori koronavirusning iqtisodiyotga ta'siriga qarshi kurashning birlamchi choralari sifatida qabul qilingan. 10 trillion so‘m ham birlamchi hisob-kitoblarga asoslangan. Budjetga aralashtirmaslik uchun alohida fond tuzish topshirig‘i berilgan.

Bu qisman budjet mablag‘lari hisobiga ham shakllantirilyapti. Bu albatta budjetda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobiga qilinmoqda, misol uchun, ayrim tashkilotlarning budjetda ko‘rsatilmagan daromadlari bor. Lekin shu bilan birga, xarajatlarni qisqartirish va qayta ko‘rib chiqish hisobiga budjetdan olingan mablag‘lar bir qismi.

Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, boshida 1 trillion so‘mni shunday budjet mablag‘lari hisobidan ishlatamiz. Lekin qarorda 1 milliard dollar miqdorida xalqaro tashkilotlardan qarz mablag‘ini jalb qilish topshirig‘i hukumatga, xususan moliya vazirligiga berilgan. Bu qarz mablag‘lari ham fondni shakllantirishga ishlatiladi.

Biz barcha moliyaviy tashkilotlar bilan birlamchi muzokaralar o‘tkazib, kelishuvlarga erishildi. Aprel oyini oxirida uning bir qismini olamiz. Ketma-ket 4 oyda 1 milliard dollar qarz mablag‘i jalb qilinadi va fondga yo‘naltiriladi, — dedi Ishmetov.

— O‘zbekistonning tashqi qarzi bilan bog‘liq holati barcha reyting tashkilotlariga ko‘ra barqaror deb baholanadi. Joriy inqiroz tarixda misli ko‘rilmagan fors-major. Bunday holatlarda odatda mamlakatlar tezroq qarz olib, inqirozdan tezroq qutulish choralarini ko‘rishadi. Yaqinda XVJ ham qarz olish kvotalarini ikki barobarga oshirdi. O‘zbekiston tashqi qarzini qanchaga oshirishni rejalashtirgan?

— Koronavirus O‘zbekistonda 15 martda aniqlangan bo‘lsa, prezidentning bu borada birinchi qarori 19 martda imzolangan. Hukumat yig‘ilishidan so‘ng iqtisodiy blok yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, birlamchi hisob-kitoblar qilingan.

Endi pandemiyaning iqtisodiyotga, budjetga ta'sirini ham qayta hisoblab chiqdik. Prezident birlamchi e'lon qilingan choralar yetarli emasligini anglatuvchi yangi qaror qabul qildi. Unda biznesga yana qo‘shimcha yengillik berish choralari nazarda tutilgan. O‘sha ikki qaror asosida hukumatga budjetni qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berilgan. Inqirozga qarshi kurashish komissiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.