— Assalomu alaykum, Jamshid aka suhbatimiz avvalida Rossiyadagi vaziyatga to‘xtalib o‘tsak. U yerda koronavirusga qarshi kurash qanday kechmoqda, O‘zbekistondagidan farq qiladimi?
— Vaalaykum assalom, Moskvada o‘zini-o‘zi ihotalash rejimi e'lon qilingan, bu narsa hali bir ikki oy davom etishi mumkin. Shu sabab 9 may g‘alaba paradi ham noma'lum sanaga ko‘chirildi.
Odamlar o‘z ishlari bilan, shuningdek, turar joylariga yaqin atrofdagi do‘konga borishi, uzoq masofaga bormagan holda itlarini sayrga olib chiqishi mumkin. Yo‘lda odamlarga hujjat orqali yurishga ruxsat etilmoqda. Bu ishxonadan ma'lumotnoma va boshqa ko‘rinishda ham qilinishi mumkin. Shu bilan birga ko‘chalarda himoya vositalarisiz yurgan odamlarni ham uchratish mumkin. Ochiqchasiga mavjud vaziyatni inkor qilinayotganiga guvoh bo‘lasiz. Lekin ularga nisbatan Toshkentdagi kabi ochiq ta'qib qilish holatlari yo‘q.
Virus yuqish holatlari juda tez sur'atda ko‘payib bormoqda. Bundan ikki hafta avval kuniga 600-700 kishida virus aniqlangan bo‘lsa, hozirga kelib 1,5-2 mingga chiqdi. Shuning yarmidan ko‘pi Moskvaga to‘g‘ri keladi. Bu rasmiy ma'lumot, ammo o‘sha 2 ming odam yana necha kishiga yuqtirgani noma'lum.
— O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olgan birinchi bemor aniqlanganiga bir oydan oshdi. Shundan so‘ng barcha sohada cheklovlar joriy etib kelinmoqda. Chetdan turib bu holatga qanday baho bersa bo‘ladi: karantin rejimi samara beryaptimi?

— O‘ylashimcha O‘zbekistonning hozirgi tutgan siyosati o‘zini oqlaydi, bu — to‘g‘ri yo‘l. Chunki iloji boricha odamlarni o‘z joylarida saqlash kerak. Va bu karantin muddati davomida davlat o‘zining vazifalarini tezkorlik bilan hal qilishi kerak.
Birinchidan, kasallanganlarga yetarli to‘shak joylari, tibbiy vositalar, tibbiy xodimlarni tayinlash yetarli miqdorda tayyor bo‘lishi; ikkinchidan, tezkor test vositalari ta'minlangan bo‘lishi lozim. Chunki bular jamiyat yana o‘z normal yo‘lida davom etishi uchun zarur. Ya'ni davlat ommaviy ishlata oladigan shifoxona tibbiy vositalari, tezkor test vositalari bilan ta'minlangan bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, aholida bu vaziyatda o‘zini tutish ko‘nikmalari hosil bo‘lishi ham kerak.
— Pandemiyaning bevosita iqtisodiy oqibatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda aholida ham, davlatda ham resurslar kamayib bormoqda. Nima deb o‘ylaysiz, ilk qadamlarimiz nima bo‘ladi? Kun.uzʼda e'lon qilgan maqolangizda ham bu haqda batafsil to‘xtalgansiz. Shundan beri vaziyat o‘zgardimi?















