O‘zbekiston | 01:00 / 19.04.2020
10131
4 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlarga taqdim etilgan imtiyozlar haqida ma'lumot berdi

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 3 apreldagi farmonida qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlar uchun qanday imtiyozlar ko‘zda tutilganini ma'lum qildi.

Saidkamol Xo‘jayev Foto: Uzreport TV

“O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga asosan, 2020 yil 1 oktyabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan barcha tadbirkorlik sub'yektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan (10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan) hajmda kafillik taqdim etiladi.

Shu bilan birga, barcha tadbirkorlik sub'yektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valutada berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya beriladi. Bitta qarz oluvchiga davlat jamg‘armasi tomonidan bir vaqtning o‘zida ham kafillik, ham kompensatsiya berishga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi”, deya Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlarga, shu jumladan 2020 yil 1 aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, shuningdek, ko‘rsatilgan soliqlar bo‘yicha oshirilgan stavkalarni qo‘llash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini ko‘rish tartibi to‘xtatilgan.

“Shuningdek, 2020 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi bo‘yicha oldindan haq to‘lash to‘g‘risidagi majburiy talab 30 foizgacha pasaytirildi. Tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlar 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirildi. Amalga kiritilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta'minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qo‘llanmaydi.

Majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni 2019 yil yakunlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish muddati 2020 yil 1 oktyabrgacha uzaytirildi”, deydi u.

Ma'lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan meva-sabzavot klasterlariga qulaylik yaratish, ular bilan onlayn bog‘lanish, yuzaga keladigan muammolarni tegishli mutasaddilar tomonidan zudlik bilan bartaraf etish, yangiliklar bilan tanishtirib borish maqsadida Respublika shtabi tomonidan “Telegram” messenjerida guruh tashkil qilingan. Unga barcha meva-sabzavotchilik klasterlari, shunindek, respublika, viloyat, tumanlardan sohaga taalluqli bo‘lgan mutaxassislar, tijorat banklari a'zo qilingan.

Saidkamol Xo‘jayevga ko‘ra, karantin davrida tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni zudlik bilan hal qilish uchun vazirlikda respublika shtabi, viloyat hokimliklari vaqishloq xo‘jaligi boshqarmalarida viloyat shtablari tashkil etilgan.

Vazir o‘rinbosari fuqarolar qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolar yuzasidan vazirlikning ishonch telefoni (+99871-2631926)ga murojaat qilishlari mumkinligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid

E`lonlar