Olimlar koronavirus yuqtirish alomatlari turli odamlarda farqlanishini tirishqoqlik bilan aniqlashga harakat qilishmoqda, deb yozadi Bloomberg. Kimlardir yengil shamollash alomatlariga duch keladi, boshqalarida alomatlar umuman bo‘y ko‘rsatmaydi, minglab insonlar uchun esa kasallik o‘lim bilan tugamoqda. Agentlikning qayd etishicha, bunday farqlanishning sabablarini hozircha hech kim aniqlay olgani yo‘q, biroq nazariyalardan biri alomatlarning irsiyatga bog‘liqligidan so‘zlamoqda.

«Nega ayrim insonlar jiddiy og‘rib qolmoqda, boshqalari umuman kasal bo‘lmayapti? Bu yerda ikkita ehtimolli variant bor», — deydi deCODE Genetics biofarmatsevtika kompaniyasi rahbari Kari Stefansson. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi variant virusning o‘z genetik izchilligini nazarda tutadi, ya'ni ayrim shtammlar boshqalariga nisbatan insonlarni kuchliroq og‘rishga majbur qiladi. Ikkinchi variant kasal bo‘lganlarning irsiyatiga bog‘liq. Ayrim odamlarning genlari ularni og‘ir kasalliklarga moyil qiladi, boshqalarning genlari ularga virusga nisbatan yaxshiroq qarshi turish imkonini beradi.

Ikkinchi nazariya tasdig‘i uchun olimlar kamida bitta ilmiy faktni keltirishmoqda. Virusga hujayralarga o‘tish imkonini beradigan ACE2 retseptori turli odamlarda irsiyat va boshqa omillar, aytaylik, u ichib yurgan dorilar tufayli turlicha miqdorda bo‘ladi.

Foto Francois Mori /AP/TASS

«Po‘rtana» hujumi

Boz ustiga, olimlar odamlarni nima koronavirus oldida ojiz qilib qo‘yishini qisman tushunib bo‘lishgan, deya ta'kidlaydi Bloomberg. Ayrim tadqiqotchilar asosiy rolni insonni himoya qilish o‘rniga jiddiy kasalliklarning avj olishiga sabab bo‘luvchi immun tizimiga berishmoqda. Organizm noma'lum virusga qarshi turish uchun katta kuch sarflay boshlaganida, organizm «holdan toyib», fanda «tsitokin po‘rtanasi» deb ataluvchi holatga duch kelishi mumkin. Buning oqibatida insonga virus yetkazadigan zarardan ko‘proq ziyon yetishi mumkin.

«Agar bir nega ayrim odamlar tsitokin po‘rtanasini boshdan kechirayotgani tushuna olsak, ularni samaraliroq davolay olishimiz mumkin, — degan Bloomberg’ga Yyel universiteti immunologi Akiko Ivasaki. — Bizda davolashni ishlab chiqish uchun oqilona yo‘l yo‘q. Biz shunchaki reaksiya kutib, insonlarga bir xil dorilar yuboramiz». Uning qayd etishicha, kasallikni «molekulyar darajada» tushunish davolashni yanada samaraliroq qiladi.