Xo‘sh, o‘z vaqtida 147 dollargacha ko‘tarilib ketgan neft qanday qilib bu qadar qadrsizlanib ketdi?

Avvalo, bir narsani unutmaslik kerakki, bugun Nyu-York birjasida WTI neftining 1 barreli -40 dollargacha tushib ketdi. Bu – qaysidir ma'noda AQShning milliy neft mahsuloti. O‘z nomi bilan West Texas Intermediate. Birja WTI uchun - (minus) 25 dollar bilan yopildi. Bu vaqtda yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan eng yuqori markadagi Brent nefti 26 dollardan sotildi.

Neft nega bu qadar pastlagani oldindan kutilgandi desak, bo‘rttirish bo‘ladi. Chunki bunaqasi tarixda bo‘lmagan. WTI tarixda hech qachon 9 dollardan tushmagan. To‘g‘ri, dunyo bozorida neft narxining pastlashini kutganlar bor edi; masalan, Saudiya Arabistoni Yevropadagi mijozlariga 10 dollargacha chegirma berib, neft uchun pulni uch oydan keyin to‘lash mumkinligini taklif qildi. Ammo bir barrel neft olib ketganlar uchun 40 dollar pul taklif qilish - bu shunchaki dahshat. Buni xotirjamlik bilan qabul qilayotgan iqtisodchilarning o‘zi ham bunaqa bo‘lishini taxmin qilmagani aniq.

Bozor iqtisodiyoti to‘liq amal qiladigan AQShda barcha narsaning narxini bozor belgilaydi. Ya'ni talab bo‘lmagan mahsulot tabiiyki arzonlaydi. Hozir koronavirus sabab butun dunyo karantinda o‘tiribdi. Korxonalar ishlamayapti, samolyotlar uchmayapti, mashinalar yurmayapti, xullas, ishlab chiqarish to‘xtagan. Neftga talab yo‘q va shu sabab uning narxi pastlab ketdi.

Nega neft uchun pul taklif qilishyapti?

Neft arzonlaganini ko‘rgandik, ammo uni olib ketganlar uchun pul taklif qilish shunchaki hayratlanarli holat bo‘ldi. Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi? Bu savolga aniq javobni neft korxonasi rahbarlari berishadi, biz esa shunchaki taxmin qilishimiz mumkin. Katta ehtimol bilan, AQShda neft saqlanadigan omborlar to‘lib bo‘lgan, tankerlar ham to‘lib qayerga yurishni bilmayapti. Neft qazib olgach, uni saqlab turadigan joy yo‘q. Shu sabab neft korxonalari omborlarni bo‘shatishga majbur. Bu uchun xaridorga pul berishga ham tayyor ular.

Nega deysizmi? Aytaylik, ular neft qazib oladigan korxona bilan yil oxirigacha falon million tonna neft yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shartnoma esa, tabiiyki, yil boshida emas, katta ehtimol o‘tgan yil imzolangan. Agar shartnoma yanvarda imzolanganida, u holda qazib olish hajmi bunchalik yuqori bo‘lmasdi balki. Chunki yanvarning dastlabki 3 kunida ikkita muhim voqea sodir bo‘ldi: Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi, koronavirus tarqalgani e'lon qilindi.

Neft qazib oladigan korxona ishlab chiqarishni to‘xtatmaydi, chunki ularga narxning farqi yo‘q, neft sotadigan korxonalar ularga neft qazib chiqarishi uchun pulini to‘lab bo‘lgan. Hamma yuk neft sotadigan korxonaga qoladi. U ishlab chiqarishni to‘xtata olmaydi va omborlarini ketma-ket bo‘shatib turishga majbur.