Naked Science nashrining yozishicha, yangi samolyot avval eʼlon qilingan ES-30 loyihasi oʻrnini egallagan.

JSX 2023-yilda Heart Aerospace bilan samolyotlar xarid qilish niyati toʻgʻrisida hujjat imzolagan boʻlsa, endi kelishuvning bir qismi qatʼiy buyurtmaga aylangan. Aviakompaniya yetkazib berish navbatida ham ustuvor oʻrinlarga ega boʻladi.

Kichik aeroportlar oʻrtasida parvozlar

JSX yangi samolyotdan anʼanaviy yirik avialaynerlar xizmat koʻrsatmaydigan kichik aeroportlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri qatnovlarni rivojlantirish uchun foydalanmoqchi.

Kompaniyalar yoʻlovchi salonini joylashtirish, quvvatlash infratuzilmasi, yerda xizmat koʻrsatish, yoʻnalishlarni rejalashtirish va samolyotni navbatdagi parvozga tayyorlash jarayonlarini birgalikda ishlab chiqishni rejalashtirgan.

Elektrda 200 kilometr parvoz

ES-30 toʻrtta dvigatelli qilib loyihalashtirilgan edi. ES-36 esa ikkita ketma-ket gibrid kuch qurilmasiga ega boʻladi. Ularning har birida havo vintini bevosita aylantiradigan 1,65 megavatt quvvatli elektr dvigateli mavjud.

Elektr dvigatellari energiyani akkumulyatorlardan oladi. Parvoz masofasini uzaytirish uchun alohida gaz turbinali generatorlar koʻzda tutilgan. Bu qisqa yoʻnalishlarda elektr quvvatidan foydalanish, uzoqroq parvozlarda esa generatorlarni ishga tushirish imkonini beradi.

Hisob-kitoblarga koʻra, zarur energiya zaxirasi inobatga olinganda, samolyot toʻliq elektr rejimida 200 kilometrgacha ucha oladi. Gibrid rejimda esa parvoz masofasi 1 200 kilometrga yetadi.

Sigʻim oshirildi, xarajatlar kamayishi kutilmoqda

Heart Aerospace maʼlumotiga koʻra, ES-36 uchun ES-30 loyihasida belgilangan maksimal uchish massasi va akkumulyator sigʻimi saqlab qolingan. Shunga qaramay, yoʻlovchilar soni oltitaga - 36 oʻringa, foydali yuk koʻtarish imkoniyati esa 640 kilogrammga oshirilgan.

Samolyot qanotlarining qulochi 29 metrni tashkil etadi. Ishlab chiquvchining hisobicha, ES-36 ekspluatatsiya xarajatlari avvalgi avlod anʼanaviy mintaqaviy samolyotlariga nisbatan kamida 40 foiz kam boʻladi.