Bu vaziyatda har bir tadbirkordan ijodiy yondashuv so‘raladi. Ular o‘z vaziyatini to‘g‘ri baholab, yo‘l topishga harakat qilishi zarur. Shu bilan birga, davlatga murojaat qilishdan ham tiyilish kerak emas. Menimcha, ayni paytda davlat va tadbirkorlar o‘rtasida munosabat yaxshi.
Aslida, bu savolga javob berishning o‘zi qiyin. Chunki har bir ishlab chiqarish sohasida vaziyat boshqacha. Turizm, umumiy ovqatlanish, bank tizimidagi vaziyatlarni bir-biriga taqqoslab bo‘lmaydi.
Shunday ekan, Moliya vazirligi fiskal siyosatini o‘zgartirishining vaqti keldimi?
Fiskal siyosat- davlat daromadi va xarajatlari bilan bog‘liq siyosat. Iste'mol bo‘lmagan vaziyatda iste'mol va qo‘shilgan qiymat soliqlari, aksiz soliqlari kamayadi.
Masalan, hozir neft narxi tushib ketishi gaz narxiga ham ta'sir qiladi. Va demak, davlat daromad siyosatini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘lmagan narsa – bu kuch ishlatish va ma'muriy buyruqbozlik usuli bilan pul undirishga yo‘l qo‘ymaslik. Chunki bu narsa korrupsiyaga yo‘l ochadi yoki korxonalar yopilib ketishiga sabab bo‘ladi.
Davlat rahbari eng birinchi korxonalar yopilib ketmasligi shart ekani haqida ta'kidlamoqda. Agar bunga amal qilinadigan bo‘lsa, tadbirkorni boshiga to‘qmoq bilan urish kerakmas. Chunki davlatning daromadi- davlat va biznes daromadi hamda ularning iste'molidan tashkil topgan.
Shuningdek, prioritet bo‘lgan tarmoqlar uchun bojxona to‘lovlarini ham kamaytirish zarur. Xarajatlarni kamaytirish, zarur emas xarajatlarni boshqa muhim tarmoqlarga yo‘naltirish kerak. Albatta, bularning barchasi tahlillar va vaqt talab qiladigan jarayon.

Kun.uz saytida ham yaqinda Xalqaro valuta fondining tavsiyasi asosida Soliq tashkilotlari xodimlarining oyligini qisqartirish haqida aytilgan tavsiyani o‘qib qoldim. Bu taklif juda xatarli. Chunki soliqchilar ham barcha qatori inson.
Shu o‘rinda «Firibgarlik uchburchagi» degan tushunchaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Bu tushunchaning ta'siriga tushgan odam korrupsiya, mutahamlikka yo‘l qo‘yadi. Bu uchburchakning birinchi tushunchasi- imkoniyat. Soliq xodimi uchun imkoniyat kimnidir soliqqa tortish va kimnidir soliqdan «ozod qilish»dan iborat bo‘lishi mumkin.















