O‘zbekiston | 15:06 / 25.04.2020
5732
3 daqiqa o‘qiladi

Og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollarga yordamlar to‘xtatiladimi? Vazirlik mutasaddisi izoh berdi

 Respublikada uy-joy olgan xotin-qizlar soni 2018 yilda 1456 ta, 2019 yilda 1493 ta, 2020 yilda 1586 tani tashkil etadi.

Foto: KUN.UZ

 Bugun, 25 aprel kuni AOKA shtabida bo‘lgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan avvallari og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollarga tegishli hokimliklar tavsiyasi asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badallar to‘lab berilgani, endilikda qo‘mita tugatilgach, bu masala bilan qaysi organ shug‘ullanishi haqidagi savolga javob berdi.

 “Qo‘mita tugatilgan bo‘lsa-da, oilani va xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash jamoat fondi mavjud. Fond Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

 Demak, muhtoj ayollarning uy joyining boshlang‘ich badalini o‘rnatilgan tartibda to‘lab berish amaliyoti davom etadi.

 Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi 285-son qaroriga binoan og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga ajratilayotgan arzon uy-joylarga ehtiyoj yuqori”, - dedi Saodat Boymirzayeva.

 Matbuot kotibi respublikada uy-joy olgan xotin-qizlar statistikasini keltirdi.

 “Respublikada uy-joy olgan xotin-qizlar soni 2018 yilda 1456 ta, 2019 yilda 1493 ta, 2020 yilda 1586 tani tashkil etadi.

 2020 yilda Respublika bo‘yicha 1586 ta uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, lekin 10000 dan ortiq uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga olingan.

 Masalan, Surxondaryo viloyati misolida tahlil etilsa, 2020 yilda viloyatda 58 ta uy qurilishi rejalashtirilgan, lekin 356 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga olingan.

 Shunday uy bilan ta'minlanganlar ish haqi yetarli emasligi sabab kredit to‘lovini o‘z vaqtida undira olmay o‘ta og‘ir sharoitga tushib qolayotgan holatlar ham uchramoqda. Hozirgi kunda ehtiyojdan kelib chiqib, arzon uy-joylar sonini aynan shu toifadagi ayollar uchun ko‘paytirish yuzasidan takliflar berilmoqda”, - dedi Boymirzayeva.

 U og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollarga uy-joy olishda ko‘maklashish borasidagi ishlar haqida ham gapirdi.

 “Og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollarga uy-joy olishlarida ko‘maklashish bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, joriy yil boshidan 370 nafar xotin-qizlarga uy-joy sotib olishlari uchun boshlang‘ich badallar to‘lab berildi” - dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid