17 aprel kuni xitoylik konsultantlar va tibbiyot xodimlaridan iborat 15 kishilik guruh O‘zbekistonga kelgan edi. Guruh tarkibidagi 9 nafar mutaxassis 20-21 aprel kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu tashrif tafsilotlarini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, mehmonlarni Farg‘ona viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov va boshqa mutasaddi rahbarlar tantanali tarzda kutib olishgan.

Dastlab viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi konferensiya zalida xitoylik mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov mehmonlarga koronavirus pendemiyasi bilan bog‘liq Farg‘ona viloyatidagi mavjud vaziyat, karantin va davolash-profilaktika choralari haqida to‘liq ma'lumot berdi.

Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari va xitoylik mutaxassislar o‘rtasida onlayn videosuhbat o‘tkazildi.

Foto: O‘zA

Muloqot jarayonida farg‘onalik shifokorlar COVID-19 aniqlangan bemorlarni davolash masalasida xitoylik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashdi. Xitoylik mutaxassislar esa o‘z tajribalaridan kelib chiqib zarur tavsiyalarni berishdi.

Masalan, Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori S.Boyyigitov quyidagicha savol bilan murojaat qildi:

«1988 yilda tug‘ilgan ayol 20 mart kuni COVID-19 aniqlanib shifoxonamizga yotqizilgan. Unga virus va infeksiyaga qarshi barcha zarur davo muolajalari standart asosida olib borilmoqda. Bemor o‘zini yaxshi his qiladi, unda kasallikning klinik belgilari va boshqa asoratlari sezilgani yo‘q. Ammo oradan bir oy vaqt o‘tsa-da, bemordan olingan qon tahlillari natijasi musbat chiqmoqda.

Xitoyda ham shu kabi holat uchraganmi? Uchragan bo‘lsa qanday davo choralari ko‘rilgan?»

Bu savolga javoban xitoylik mutaxassislarning ma'lum qilishicha, Uhan tajribasida ham bunday holat uchragan, ba'zida virus kasallangan odam qonida 50 kungacha ham saqlanib turishi mumkin. Xorijlik mutaxassislar bu bemor shifoxonada yana bir necha kun yotib davolanishi zarurligini tavsiya qilishdi.