Pandemiya sababli ijtimoiy va iqtisodiy tanglikni yengib o‘tish uchun bozor iqtisodiyoti va tadbirkorlikka bo‘lgan murojaatning mantig‘i bor. Chunki biznes ishlasa, ish joylari paydo bo‘lsa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘lga tushib, pul aylanmasi va pul oqimlari jarayonlari ishga tushib ketsa, albatta ijtimoiy va iqtisodiy tanglikni birmuncha yengishga erishish mumkin.
Lekin tushunish kerakki, tadbirkorlik buyruq, ya'ni ma'muriy chora bilan bitadigan va ishlab ketadigan jarayon emas. Uning o‘z mantig‘i, ichki mexanizmi bor. Buni yaxshi tushunish kerak.
Misol uchun, men bir necha omillarni belgilab o‘tdim. Vaqt, muhit, sharoit, kafolat omillariga e'tibor berish kerak.
Vaqt nima?
Tadbirkorlik ishga tushib ketishi uchun rejalash, tashkil qilish, juda ko‘p tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi kerak. Bu vaqt talab qiladi. Ijtimoiy tanglik esa kundan-kunga oshib bormoqda. Odamlarda mablag‘ kamayyapti. Daromadlardan uzilib qolgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qatlamning ko‘lami, hajmi kun sayin oshib boryapti.
Tadbirkorlik birdaniga ish paydo bo‘lib, birdaniga ish joyi paydo qilib, birdaniga ularga oylik to‘lashni boshlashni ta'minlab berolmaydi. Bunga imkoniyatning o‘zi yo‘q. Demak, bu vaqt mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan va daromadi, maoshidan uzilib qolgan aholiga davlat moliyaviy va moddiy ko‘magini to‘xtatmasligi kerak.

Xayriyalarning mablag‘lari, manbalari cheksiz bir quduq emas. U borgan sari kamayib, aholiga berilayotgan yordam vositalari, resurslari tugab qolishi mumkin. Demak, ma'lum bir vaqt mobaynida davlat ijtimoiy himoya choralarini ko‘zlashi shart.
Muhitga kelsak, tadbirkorlik — tavakkalchilik degani. Tadbirkor o‘z vaqti, puli, diqqat-eʼtibori bilan tavakkal qiladi va moddiy-ma'naviy, vaqt resurslarini tadbirkorlik amaliyotiga tikadi. Bundan foyda yoki zarar bo‘lishi mumkin.
Foyda va zarar bo‘lsa, uning asosiy qismi albatta tadbirkorning bo‘ynida qoladi. Bu tushunarli. Lekin tadbirkor o‘zining erkinligi, hayoti, sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishi kerak emas. Tadbirkorga nisbatan ma'muriy buyruqbozlik yoki qo‘shtirnoq ichida aytadigan bo‘lsak, «ko‘cha uslublari» qo‘llanilmasligi lozim.
















