Koronavirus pandemiyasi va cheklov choralari sharoitida xususiy biznes optimizm tanqisligiga duch keldi, deb yozadi The Economist jurnalining tahliliy bo‘linmasi. Nashr butun dunyodagi kompaniyalarning top menejyerlari kayfiyatini har oyda kuzatib borish uchun Global Business Barometer («Xalqaro biznes barometri») loyihasini yo‘lga qo‘ydi.
Economist Intelligence Unit bo‘linmasi 26 martdan 6 aprelgacha 118ta davlatdan 2758 nafar top menejyerlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Tahlilchilar ularga iqtisodiyot masalasida prognozlar qilishni, shuningdek pandemiya oqibatlari bilan qay tariqa kurashmoqchi ekanliklarini gapirib berishni so‘rashdi. Yaqin oylar uchun istiqbol haqida so‘ralganlar -50 («juda yomon» bo‘ladi)dan +50 («ancha yaxshi» bo‘ladi)gacha baholashgan.
Yaqin uch oyning «eng ahamiyatli tahdidlari» ro‘yxatida top menejyerlarning 72 foizi «COVID-19 pendemiyasining yanada yoyilishi»ni tanlashgan. Rahbarlarni xavotirga solayotgan muammolar ro‘yxatining pastida proteksionizmdan tashvishlanish (13 foiz), iqtidorlar va malakali kadrlar yetishmasligi (13 foiz), shuningdek, kibertahdidlar va firibgarliklar joylashgan. Koronavirusgacha xususiy sektorning bu muammolardan xavotirlari o‘sib borayotgan edi.
Bundan tashqari, tahlilchilar top menejyerlardan butun jahondagi, o‘z mintaqasi va davlatidagi, shuningdek, muayyan sohasi va kompaniyasidagi ishbilarmonlik muhiti haqida o‘z fikrlarini bayon etishni so‘rashgan. «Barometr» ma'lumotlarining ko‘rsatishicha, baholanayotgan maydon toraygani sari rahbarlarning pessimizmi ham susaygan, lekin avvalgi optimizmga aylanmagan. Kelgusi uch oy uchun jahon iqtisodiyoti borasidagi kutilmalar –39,2ga teng. «O‘z mintaqangiz iqtisodiyoti» uchun –36,7, «mamlakatingiz iqtisodiyoti» uchun –36,4. Mahalliy prognozlar bo‘yicha pessimizm yanada sustlashgan. Sohalar darajasida ko‘rsatkich –22ga, kompaniyalar daradasida –17,8ga teng.
Tahlilchilarga ko‘ra, bunday natijalarning uchta turli talqini bo‘lishi mumkin:
- Ko‘plab so‘ralganlar chindan ham o‘zlarining sohasi yoki kompaniyasi koronavirus iqtisodiyotda keltirib chiqargan chayqalishlardan kuchli izolyatsiya qilinganiga ishonishadi;
- Top menejyerlar butun iqtisodiyotdan ko‘ra o‘z kompaniyasi va sohasi taqdiriga kattaroq ta'sir o‘tkaza olishini sezishadi va bu ulardagi pessimistlik darajasini tushiradi;
- Rahbarlar pandemiya oqibatida «o‘ziga xos qisqa fursatli kognitiv dissonans» his qilishlari mumkin. Shuning uchun ular bir-biriga zid nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlashadi: jahon va mintaqaviy iqtisodiyotlarda vaziyat kamida keyingi uch oy ichida yomonlashadi, lekin ularning o‘z sohasi va kompaniyalari bundan kamroq jabr ko‘radi.















