Kun.uz pandemiya, iqtisodiy inqiroz va dunyo davlatlarida kuzatilayotgan ijtimoiy vaziyatlar haqida xorijdagi vatandoshlar bilan suhbatlarini davom ettiradi.

Bugungi suhbatdoshimiz – Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida istiqomat qilib kelayotgan, faoliyatini turli sohalar bilan bog‘lagan Isoqjon Abdujalilov. Isoqjon Dubaydagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat, amirlikda yashayotgan o‘zbekistonliklar ahvoli va ularning yaqin kelajakdagi rejalari haqida ma'lumot beradi.

–  Sizni tanishtirishda faoliyati turli sohalar bilan bog‘liq, deya ta'rif berdik. Shundan kelib chiqib, o‘zingiz haqingizda ko‘proq ma'lumot bersangiz.

–  BAAning Dubay amirligida 2015 yil boshidan beri istiqomat qilib kelaman. Ko‘pchilik o‘zbeklar qatori bu davlatga turistik viza orqali kelganman va, dastlab, savdo sohasida ishladim. Keyinchalik bu yerda mavjud ko‘plab savdo markazlaridan birida xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaganman.

So‘ng BAAning Fly Emirates aviakompaniyasida ma'lum muddat ishlashga muyassar bo‘ldim. Hozir yana savdo sohasida, inglizcha aytganda retail – chakana savdo bilan shug‘ullanmoqdaman.

–  Isoqjon, bizga BAAning eng rivojlangan shaharlaridan biri – Dubayda pandemiya qanday boshlangani va qay tarzda davom etayotgani haqida ma'lumot bersangiz. Ayni paytda shaharda karantin talablari yumshaganmi?

–  Albatta, dunyoning aksar hududlaridagi kabi BAAda ham karantin talablari ma'lum ma'noda yumshadi.

Dubay amirligining o‘zida yanvar oyining oxirida Xitoydan kelgan sayyoh oilada ilk koronavirusdan zararlanish holati qayd etilgan edi. Lekin bu vaqtda hali amirliklar kasallik tarqalishini cheklash uchun qat'iy cheklovlar joriy etmagan edi.

12 mart kuni xalqaro pandemiya vaziyati e'lon qilingandan so‘ng Dubayda ham boshqa davlatlar kabi qat'iy choralar ko‘rila boshladi. Dastlabki kasallik yuqtirgan oilaning kimlar bilan muloqotda bo‘lgani va qayerlarga borgani aniqlanib, muloqotda bo‘lganlar va tashrif buyurgan hududlari o‘rab olindi. Lekin o‘ta qat'iy cheklov holatlari vujudga kelgani yo‘q. Chunki BAA dunyodagi yirik turistik manzil va havo yo‘llari liniyalariga ega davlat hisoblanadi. Shuning uchun hududda birdaniga hamma narsa to‘xtab qolgani yo‘q. Kasallanish soni ortishi bilan choralar ham qat'iylashtirib borildi.

BAAda 26 aprel holatiga ko‘ra, 10 349 nafar zararlanish holati qayd etilgan. Ulardan 2000 nafarga yaqini sog‘aygan, o‘lim holatlari esa 76 tani tashkil etadi.