Kun.uz pandemiya va inqiroz masalalariga oid suhbatlarni davom ettirib, bu gal BBC muxbiri Ibrat Safo hamda Amerika ovozi muxbiri Behzod Mamadiyev bilan bog‘landik. 

Xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik jurnalistlar pandemiya masalalarini mediada yoritish, Markaziy Osiyo davlatlari OAVda kuzatilayotgan turlicha munosabat haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, suhbatda inqirozdagi bosma matbuot, reklama bozori qisqarishi tufayli moliyaviy aziyat chekuvchi nashrlar haqida fikr almashilgan. 

– Ibrat aka, mana ko‘rdik pandemiyaga nisbatan ko‘pchilik matbuot o‘zini xuddiki, muxolifatdek tutdi. Hukumatga nisbatan o‘zining noroziliklarini bildirdi. Hukumatning bu holatda yaxshi kurasha olmaganiga tanqidlarni bildirib keldi. Bu vaziyatni siz, Markaziy Osiyo misolida agar ko‘radigan bo‘lsak, qanday kuzatdingiz?

– Muxolifat demagan bo‘lardim, matbuot o‘zining har doimgi ishini qildi. Ya'ni, hukumatning amallarini so‘roqqa tutdi. Bu ayniqsa, hozir juda muhim. Chunki odamlarning hayoti savol ostida turibdi va minglab odamlar o‘lib ketyapti. Shuning uchun hukumat to‘g‘ri choralarni ko‘ryaptimi yo‘qmi, buni kundalik ravishda, har daqiqada so‘rab turish bu matbuotning ishi, vazifasi aslida. Shuning uchun buni muxolif yondashuv demagan bo‘lardim.

Markaziy Osiyoga keladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda, O‘zbekistonning ichida yoritilishi ancha faol bo‘lyapti. Tahlil ham anchagina ko‘p bo‘lyapti. Mana masalan, o‘zingizda, Kun.uzʼda ancha tahliliy maqolalar, suhbatlar bo‘lyapti. Savol ostiga ham olinyapti. Shaxsan o‘zim yomon emas, deb baholagan bo‘lardim. Bu yerda bir narsani nazarda tutish kerak, jurnalistlar hozir sal qo‘li bog‘lanib qolgan, pandemiya davrida uyda o‘tirish kerak va avvalgiday bemalol yurib, xohlagan idorasiga borib biror narsani surishtirish yoki aytaylik pandemiya holatida karantin joylari yoki kasalxonalarga ruxsatsiz borolmaysiz, bular hammasi rasmiy kanallar orqali qilinishi kerak. Shuning uchun jurnalistlarning qo‘li ham biroz bog‘liq. Shuni hisobga olsangiz ancha faol ishlashyapti degan bo‘lardim.

– Marhamat, Behzod aka.

– Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni biz bevosita O‘zbekistondan turib kuzatish imkoniyatiga ega emasmiz. Chunki xorijdamiz. Shu sababdan bildiradigan fikrlarimiz chetdan turib kuzatgan jurnalist yoki oddiy kuzatuvchi sifatida bo‘ladi.