Bugungi suhbatdoshimiz – onkolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Dilshod Egamberdiyev. U bilan sohadagi yangiliklar, muammolar va ularning yechimi, xorij tajribasi haqida suhbatlashdik.

– Dilshod, nega aynan onkologiya sohasini tanlagansiz?
– Eng yaqin odamlarimni shu kasallik tufayli yo‘qotganman, shuning uchun shu sohani chuqur o‘rganib, imkon qadar ko‘proq bemorlarga yordam berishni niyat qilganman. Va umuman onkologik kasalliklar shu qadar murakkabki, ular bilan jiddiy kurashmasa bo‘lmasligini anglab yetganman.
Qolaversa, yurtdoshlarimizning bu kasalliklarni oldini olishdagi harakatlari ko‘ngildagidek deya olmayman. Profilaktika oqsashi bilan birga kasallikning og‘ir bosqichlarigacha murojaat qilmasliklari soha xodimlari sa'y-harakatlarining samarasiga putur yetkazadi.
– Afsuski, yurtimizda onkologiya va transplantologiyaga ehtiyoji borlar minglab, balki yuz minglab topiladi. Kun.uz saytiga xayriya so‘rab kelganlarning aksariyati ham buyrak, jigar kabi hayotiy muhim a'zolarni davolash yoki ko‘chirish uchun Hindiston, Janubiy Koreya kabi davlatlarga borish istagini bildirishadi. Janubiy Koreya qisman tushunarli, lekin Hindiston tibbiyotining muvaffaqiyati siri fikringizcha nimada?
– Hindiston tibbiyotining muvafaqqiyati siri, birinchidan, inson omilida deb bilaman. Hozir nafaqat Hindistonda, balki rivojlangan aksari davlatlardagi yetakchi shifokorlarning ko‘pchiligi hind shifokorlari hisoblanadi. Hind talabalarining aksariyat qismi o‘z davlatida va kamchilik vakillari xorijiy tibbiyot universitetlarida nihoyatda tirishqoqlik bilan o‘qishadi. Xalqaro darajada raqobatbardoshlari dunyoning eng ilg‘or klinikalaridan yaxshi ish topishadi.
Hindistonda ham g‘arb davlatlari kabi tibbiyotda o‘qish juda qimmat va uzoq vaqt talab qiladi. Hindistonlik shifokor hamkasbimizning aytishicha, aksari shifokorlar o‘rtahol oilalardan chiqar ekan. Oilaning barcha a'zolari ishlab pul topib, tibbiyotda o‘qiyotgan bir talabaning o‘qishini ta'minlashar ekan va u kelajakda yetuk shifokor bo‘lib, butun oilani qo‘llab quvvatlar ekan.
Ikkinchidan, xususiy tibbiyotning rivojlangani. Hindiston, Janubiy Koreya yoki boshqa tibbiyoti rivojlangan davlatlar reytingini kuzatsangiz, barcha top-klinikalar xususiydir. Xususiy klinikalar eng ilg‘or tibbiy texnologiyalarni va reytingi yuqori shifokorlarni jalb qilib, davolash natijalarining yaxshi bo‘lishiga va shu bilan birga o‘z daromadini oshirishga erishmoqda.
















