Britaniya: o‘limlar soni kamaydi, Jonsonning intervyusi
Britaniyada yangi o‘lim holatlari soni so‘nggi haftalardagi eng quyi ko‘rsatkichga tushdi: 315 o‘lim va 4339ta yangi zararlanish holati qayd etildi. Shu bilan birgalikda, dam olish kunlarida shifoxonalar ma'lumotlarni operativ ravishda yetkazib berishmaydi va odatda bu kunlardagi holatlar soni kamroq bo‘ladi.

Hukumat shuningdek, Britaniyadagi ish beruvchilar mamlakatda karantin bekor qilinguniga qadar ish grafigini ijtimoiy masofa saqlanishi va jamoat transportiga yuklama ko‘p bo‘lishining oldi olinishini ta'minlash uchun mos ravishda o‘zgartirishi kerakligini ma'lum qilgan.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Covid-19 bilan kasallanib, sog‘ayib chiqqanidan keyingi ilk intervyusida shifoxonada hayotini saqlab qolish uchun unga «litrlab kislorod berishgani» haqida aytib o‘tdi. Uning aytishicha, ahvoli juda og‘ir bo‘lgani tufayli shifokorlar uning o‘limi haqida e'lon berishga tayyor turishgan.

«Vaziyat qanchalar yomonlashishiga qarab shifokorlarda bir necha reja bo‘lgan. (...) Ularda «Stalinning o‘limi»dagiga o‘xshash strategiya bo‘lgan», - degan u.

Jonsonga 26 mart kuni Covid-19 tashxisi qo‘yilgandi, 10 kun o‘tib uni shifoxonaga olib ketishdi, bir necha kundan keyin esa u ahvoli og‘irlashib, jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi (ammo sun'iy nafas oldirish apparatiga ulanmadi). 27 aprel kuni u ishga qaytdi,  29 aprelda esa Jonson va uning qallig‘i Kerri Saymonds farzandli bo‘lishdi. Chaqaloqqa Uilfred Lori Nikolas deb nom qo‘yildi.

Jonsonning bobosini ismi Uilfred bo‘lgan, Lori esa — Saymondsning bobosini ismi. «Yana bir ism — Nikolas — Borisning hayotini saqlab qolgan ikki shifokor — Nik Prays va Nik Xart sharafiga qo‘yildi», deb yozadi Saymonds instagramdagi sahifasida.

Rossiyadagi vaziyat
Rossiyada so‘nggi bir kunda 10 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlandi - bu kunlik o‘sish bo‘yicha navbatdagi rekorddir, jami zararlanganlar soni 134 687ga yetgan. So‘nggi bir kunda yana 58 kishi koronavirus qurboniga aylangan, Covid-19 ushbu mamlakatda hozircha jami 1280 kishi o‘limiga sabab bo‘ldi.

EPA

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh kardiologi Sergey Boytsovning aytishicha, yangi holatlar soni kundan kunga ko‘p bo‘layotganining asosiy sababi o‘tkazilayotgan testlar soni ham ko‘p bo‘layotgani bilan izohlanadi. Shu bilan birgalikda, Boytsov rossiyaliklar karantinda o‘tirishni istamayotganini ham bir sabab sifatida keltirgan.