Konsepsiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari quyidagilarni ko‘zda tutuvchi tizimli chora-tadbirlarni joriy qilish orqali amalga oshiriladi:

Issiqlik energetikasini rivojlantirish

2020-2030 yillarda 13 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 6 tasi yangi IES loyihalari, 6 tasi bug‘-gaz qurilmali, gaz turbinasi va ko‘mir energiya bloklari qurilishi hisobiga mavjud IESni kengaytirish bo‘yicha loyihalar, shuningdek, Yangi Angren IESda bloklarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 1 loyihadan iborat.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilishi bilan ma'nan va jismonan eskirgan IES bloklari bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqariladi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish

2020-2030 yillarda qayta tiklanadigan energiya manbalari orqali elektr energiya ishlab chiqarishga, ayniqsa quyosh energiyasini rivojlantirishga alohida e'tibor beriladi. Ushbu loyihalar faqat sarmoyadorlar - mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar hisobidan amalga oshiriladi.

2020-2030 yillarda 3 GVt shamol va 5 GVt quyosh elektr stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan qayta tiklanadigan energiya manbalarining har yili foydalanishga topshiriladigan quvvatlarining maqsadli parametrlari belgilangan.

Yirik shamol elektr stansiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida joylashtiriladi.

Quvvati 100-500 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini asosan Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashtirish ko‘zda tutilgan. Respublikaning boshqa mintaqalarida 50-200 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari quriladi.

2020 yilda xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi bilan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari qurilishi uchun tenderlar o‘tkaziladi va respublikaning boshqa mintaqalarida fotoelektr stansiyalarini, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari qurish uchun tenderlar e'lon qilinadi.

Shuningdek, respublikaning olis aholi punktlarida, ekoturizmni rivojlantirish rejalashtirilayotgan mintaqalarda hamda yagona elektr energiyasi tizimiga ulanmagan kichik quyosh elektr stansiyalarini yaratishga ham e'tibor qaratiladi.

2021-2025 yillarda 150 mingga yaqin quyosh fotoelektr stansiyalarini va uy xo‘jaliklarining 2-2,5 foizida suv isitgichlari o‘rnatishni ko‘zda tutuvchi maqsadli dastur tasdiqlandi.