Bugun, 4 may kuni Namangan viloyatida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning yana 17 nafari sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Namanganda sog‘ayganlarning barchasi ushbu viloyatdan (9 nafari Namangan shahridan, 3 nafari Uchqo‘rg‘on tumanidan, 2 nafari Norin tumanidan, 1 nafardan Chust, Namangan va Uychi tumanlaridan) bo‘lib, ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 6 nafari erkak, 11 nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 48 yoshda bo‘lsa, ikki nafar eng yoshi kichigi 2019 yilda tug‘ilgan.

«Samarali davolash muolajalari tufayli bugungi kunda laboratoriya tekshiruvlari ularning darddan butunlay forig‘ bo‘lganini ko‘rsatdi. Viloyatda shu paytga qadar 89 nafar bemor tuzalgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 106 nafarni tashkil etmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Samarqandda 2 bemor tuzalib chiqqan. Ulardan biri 37 yoshli ayol bo‘lib, Samarqand shahridan. Yana bir 37 yoshli erkak Toyloq tumanidan. Ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Viloyatda shu vaqtgacha 22 nafar bemor tuzalgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 24 nafarga yetdi.

Bugun Toshkentdagi uchta muassasada bemorlarning navbatdagi guruhlariga javob berildi. Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 9 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 8 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan navbatdagi 6 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayganlarning 8 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari esa Rossiyadan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Bemorlardan 6 nafari erkak, 3 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 61 bo‘lsa, eng yoshi kichigi 9 yoshda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 6 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 2 nafari Rossiyadan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Bemorlardan 6 nafari erkak, 2 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 58 bo‘lsa, eng yoshi kichigi 10 yoshda.