Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani, shuningdek, ochiqchasiga karantin qoidalarini buzgani aks etgan videolar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham e'tirozlariga sabab bo‘lgan hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, huquq-tartibot organlari manziliga qaratilgan haqorat aks etgan tasvir joriy yilning 4 may kunida Yulduz Usmonovaning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirdan yozib olingan.
«Videotasvirdagi haqoratomuz fikrlar bevosita ichki ishlar organlariga bildirilganligi uchun, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ichki ishlar organlari xodimlarining ma'naviy jihatdan qo‘llab kelayotgan, o‘z ijod namunalari bilan vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirish, yoshlar ruhiyatida vatanga xizmat qilishdek muqaddas burchni shakllantirayotgan san'atkorlarimizning o‘rni beqiyos», – deya munosabatni boshlagan vazirlik.
IIV «shunday og‘ir vaziyatda taniqli san'atkor Yulduz Usmonova tomonidan huquqni muhofaza qilish organlarining xizmat faoliyatiga barmoq orasidan qarab, ularni noo‘rin tanqid qilishi o‘ta madaniyatsizlik va salbiy holat» deya hisoblagan.
«O‘z qilmishi bilan Yu.Usmonova barcha ichki ishlar organlari xodimlarini uyatli so‘zlar, obro‘sizlantiruvchi uydirmalar va beodoblik bilan qasddan haqorat qilgan.
Asli holatga oydinlik kiritadigan bo‘lsak, joriy yilning 2 mayda soat taxminan 21:00larda Mirzo Ulug‘bek tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori leytenant M.Ortiqjonov, shu tumanda yashovchi Yu.Usmonovaning xonadoniga o‘ttiz nafarga yaqin fuqarolar, Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida ro‘y bergan suv toshqinidan jabrlangan aholiga yordam berish maqsadida xayriya uchun turli xildagi oziq-ovqat hamda boshqa mol-mulklarni olib kelganliklarini kuzatgan. Ushbu yukni tegishli manzilga yetkazib berishga yordam berish maqsadida, hududga biriktirilgan PPX xodimlari serjant D.Ortiqov va safdor A.Sultonovlar bilan birga yuk mashinalariga ortishga yordamlashib, Toshkent shahar IIBB YHXB xodimi mayor B.Gapparov boshqaruvidagi maxsus transport vositasi kuzatuvida Sirdaryo viloyatiga to‘planib ketadigan yig‘in joyiga, ya'ni «Turkiston» san'at saroyiga kuzatib qo‘ygan», – voqea tafsilotlarini bayon etgan vazirlik.















