Jahon iqtisodiy forumi saytidagi maqolada dunyoda kuzatilayotgan internet bilan bog‘liq vaziyat haqida so‘z boradi.
Maktab o‘quvchilaridan tortib ofis xodimlarigacha o‘z faoliyatini uyda davom ettirishga majbur bo‘lishi natijasida internet hammaning najotkoriga aylandi. Biroq bir vaqtning o‘zida dunyoda internetga ulanish imkoni yo‘q milliardlab odamlar ham bor.
Raqamli bo‘linish pandemiya paytida yuzaga chiqayotgan tengsizliklarning shunchaki bittasi xolos. Biroq eng ajablanarlisi shundaki, hatto rivojlangan davlatlarda ham internet tezligi biz o‘ylagandan ko‘ra pastroq.
Hozir AQSh aholisining 6 foizida (21 mln kishi) yuqori tezlikdagi internet aloqasi yo‘q. Avtraliyada esa bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil qiladi. Hattoki dunyoning eng boy davlatlarida ham hammani internet bilan ta'minlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.
YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida oilalarning yarmidan ko‘prog‘i – 55 foizi internet aloqasi bilan ta'minlangan.
Rivojlangan davlatlarda oilalarning 87 foizi, rivojlanayotgan davlatlarda 47 foizi internetga ulana olsa, kam taraqqiy etgan davlatlarda esa 19 foiz oilada bunday imkon bor.
Oflayn dunyo
Umumiy hisobda 3,7 milliard odamning internetga ulanishi imkonsiz. Ularning aksari – kambag‘al davlatlar fuqarolari va COVID-19 bilan qanday kurashish kerakligi bo‘yicha ma'lumotga eng muhtoj qatlam vakillari.
JSST ma'lumotlariga ko‘ra ham, kambag‘allar va migrantlar virus yuqtirib olish xavfi eng yuqori guruhlarni tashkil qiladi.














