Prezidentning “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, iste'molchilarni elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash jarayonining borishini o‘rganish va nazorat qilish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, issiqlik energiyasi va ichimlik suv yetkazib berish bo‘yicha respublika shtabi tashkil etilgan;

respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha bajarilgan ishlar natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida ijtimoiy infratuzilma, asosiy turdagi yoqilg‘i-energetika resurslarini jamg‘arish, sektor, mahalla va barcha ko‘p kvartirali turar joy fondi bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bartaraf etilgan.

Quyidagilar:

a) respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi;

b) transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ishchi guruh tarkibi;

v) asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarni 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, xususan, markaziy va mahalliy qozonxonalar, issiqlik va ichimlik suv tarmoqlarida mukammal va joriy ta'mirlash ishlari asosiy ko‘rsatgichlari;

g) ko‘p kvartirali uy-joy fondini hududlar bo‘yicha 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash mukammal va joriy ta'mirlash ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ishchi guruh (O.Ramatov)ga:

viloyatlar, shaharlar va ayniqsa qishloq tumanlarida ko‘p kvartirali uylarni bo‘lajak kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni, mahalliy avtomobil yo‘llari, ko‘chalar va umumiy foydalaniladigan joylar, lift uskunalari, markazlashtirilgan va mahalliy qozonxonalar, issiqlik, ichimlik suv hamda kanalizatsiya tarmoqlari va mahallalar hududlarining sanitariya holati talablariga muvofiq tartibga keltirilishini joylarga chiqqan holda nazorat qilish;