Koronavirus: Rossiya Germaniya va Fransiyani ortda qoldirib, jahon reytingida beshinchi o‘ringa chiqdi
Rossiyada so‘nggi kunda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 11 mingdan ortiq holat qayd etildi. Kunlik o‘sish bo‘yicha navbatdagi eng yuqori ko‘rsatkich tufayli Rossiya jahon reytingida kasallanganlar soni bo‘yicha Germaniya va Fransiyani ortda qoldirgan holda beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Mamlakatda qatorasiga beshinchi kun yangi kasallanish holatlari soni 10 mingdan oshiq bo‘lmoqda. So‘nggi bir kunda 88 kishi koronavirus qurboniga aylangan.
«So‘nggi bir kunda Rossiyaning 84 regionida Covid-19 koronavirus infeksiyasidan zararlangan 11 231 kishi aniqlandi, shundan 5471 (48,7 foiz) kishida klinik alomatlar bo‘lmagan», deyiladi hukumat qoshidagi operativ shtab xabarida.
Endilikda Rossiyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq qayd etilgan holatlar soni 177 160 taga yetgan, 1625 o‘lim qayd etilgan. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon reytingida Germaniya (168 162 holat va 7275 o‘lim) va Fransiyani (174 191 holat va 25809 o‘lim) ortda qoldirgan holda yuqori beshlikka kirgan.
Birinchi o‘rinda AQSh (1 263 224 holat va 74 809 o‘lim), keyin Ispaniya (253 682 holat va 25 857 o‘lim), Italiya (214 457 holat va 29 684 o‘lim) va Buyuk Britaniya (201 101 holat va 30 076 o‘lim) joylashgan.
Kunlik o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha Rossiya Braziliya bilan bir xil natija ko‘rsatgan - bu yerda ham 11,1 ming holat qayd etilgan, bu borada eng yuqori ko‘rsatkich AQShda - 24,2 ming.
Ayni vaqtgacha 23 mingdan ortiq bemor tuzalgan, 152 mingga yaqin bemor shifoxonalarda qolmoqda.
Moskvada yana 39 kishi Covid-19 tufayli olamdan o‘tdi va poytaxt shaharda koronavirus qurbonlari soni 905 nafarga yetdi.
Chorshanba kuni operativ shtab Rossiyada 10 559 kishida virus aniqlangani haqida yozgandi, seshanba kuni 10 102, dushanba kuni - 10 581, yakshanba - 10 633 holat qayd etilgandi. Shu tariqa, mamlakatda kunlik o‘sish ko‘rsatkichi besh kundan buyon 10 mingdan kam bo‘lmayapti.
Rospotrebnadzor ma'lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha 4,8 mln kishi koronavirusni aniqlash uchun laborator tekshiruvdan o‘tkazilgan, so‘nggi bir kunda 169,4 ming kishi test qilingan. 231 623 kishi tibbiy kuzatuvda qolmoqda.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko shu kunlarda koronavirusga chalingan 4 mingdan ortiq bemor og‘ir ahvolda ekanini xabar qilgandi.
Chorshanba kuni prezident Vladimir Putin hukumat bilan onlayn-majlis o‘tkazgandi. Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova hududlar rahbarlariga koronavirus tufayli joriy etilgan karantin choralarining ayrimlarini bekor qilish bo‘yicha tavsiyalarni berib o‘tgandi. Karantindan chiqish uch bosqichda amalga oshiriladi va savdo obektlari hamda xizmatlar sohasi faoliyati tiklanishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, shuningdek, ayrim hududlarda istirohat bog‘lari ochilishi va ochiq havoda sport bilan shug‘ullanishga va sayr qilishga ruxsat berilishi mumkin.
Yig‘ilishda chiqish qilgan Moskva meri Sergey Sobyanin xizmatlar sohasidagi taqiqlar bekor qilinishiga qarshi chiqqan. U Moskvada samoizolyatsiya rejimi saqlab qolinishini bildirgan. Shu bilan birga, shaharda 12 maydan barcha sanoat sohalari faoliyatiga ruxsat beriladi va qurilishlar davom ettiriladi. «Vremya» dasturiga bergan intervyusida Sobyanin u mehnat muhojirlari ishiga qaytishi jinoyatchilik darajasi tushishiga ham xizmat qilishini qo‘shimcha qilib o‘tgan
«Ko‘plab odamlarga ishlash imkoniyatini berar ekanmiz, transportda harakatlanishlar soni ko‘payadi, bir-biri bilan muloqot qiluvchilar soni oshadi. Shu sababli metropolitenda o‘z o‘zini izolyatsiya qilishning qo‘shimcha rejimini kiritmoqdamiz, jamoat transportida niqob va qo‘lqop taqish qat'iy talab etib qo‘yiladi», dedi Sobyanin.
Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, Moskvada koronavirusga chalinganlar aholining 2-2,5 foizini yoki 300 mingni tashkil etadi. U bu yerda gap rasmiy statistikadagi aniqlangan holatlar haqida emas, balki «haqiqiy bemorlar» to‘g‘risida ketayotganini ta'kidladi.
Mavzuga oid
22:25 / 24.11.2024
Finlandiyada omon qolish kurslariga yozilayotgan ayollar soni keskin oshdi
19:21 / 24.11.2024
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06 / 24.11.2024
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
00:35 / 24.11.2024