Yevropada natsistlar ustidan qozonilgan g‘alaba hali hammasi emas, hali Yaponiyada ham g‘alaba qilish kerak edi, ammo aynan 9 maydagi g‘alaba dunyo siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirdi. Urushdan so‘ng AQSh dunyodagi yetakchi harbiy superderjavaga aylandi, shuningdek, yadro quroli yaratish bo‘yicha ham Rossiyani ortda qoldirdi. Bu esa strategik jihatdan eng qudratli bo‘lish uchun hal qiluvchi omil edi.

Ko‘p o‘tmay SSSR ham o‘z atom bombasiga ega bo‘ldi. Imperiyaning Sharqiy Yevropada nazorat o‘rnatishga intilishi keyinchalik dunyo siyosatida mojarolar kam bo‘lishiga umid qilmasa ham bo‘lishini anglatardi. Keyinchalik Shimoliy Atlantika harbiy alyansi NATO paydo bo‘ldi va bir qarashda AQSh hamda G‘arbiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi harbiy, diplomatik aloqalar iziga tushgandek ko‘rindi. Tarixchi Enn Epplbaum VVS nashriga bergan intervyusida urushdan keyin o‘ziga xos «G‘arb» tushunchasi paydo bo‘lgani, bu nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaradosh, balki qadriyatlar bilan bog‘langan ittifoqlarni birlashtirganini qayd etdi.

Yana bir tarixchi Maykl Klarkning aytishicha, dunyoda nafaqat NATOning tuzilish kabi katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, balki butun boshli yangi tizim yuzaga keldi: «Urushgacha bo‘lgan davrdan deyarli hech narsa qolmadi. «Urushdan keyingi xarobalarda global miqyosda tartib o‘rnatish» muhimligi ko‘rinib qoldi. Bunga ehtiyoj 1919 yildagidan ham (Birinchi jahon urushi nazarda tutilmoqda) yuqori edi».

Urushdan keyingi dunyoda tuzilgan asosiy tashkilot, shubhasiz, BMT bo‘ldi. Keyinchalik Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Bretton-Vuds valuta tizimi kabi muhim xalqaro tashkilotlar tuzildi.

BMT 1945 yilda tuzilgandi / GETTY IMAGES

Maykl Klarkning fikricha, nomi sanalgan bu tashkilotlarning tuzilishida Britaniyaning hissasi katta bo‘lsa-da, hal qiluvchi so‘zni AQSh aytgan: «Deyarli barcha xalqaro tashkilotlarning paydo bo‘lishi AQShning unga qiziqishi va qo‘llashiga bog‘liq edi. G‘arb nazoratidagi bu tashkilotlarning paydo bo‘lishi 1950-60-yillarda dunyo iqtisodiyotida, umuman, butun dunyoda tartib o‘rnatdi. Hozir ana shu tartib xavf ostida qolgan, chunki uni nazorat qiladigan siyosiy muhit tez-tez o‘zgarib turibdi».

Bu balans o‘zgarayotganining sababini har kuni teleyangiliklarda ko‘ryapmiz. Bir tomonda Xitoy kuchayishda davom etmoqda, bir tomonda Osiyo va Uzoq Sharq davlatlarining iqtisodiy qudrati o‘sgan. Yevropaning aksar davlatlarida esa populistik harakatlar urchigan.