Kun.uz muxbiri ushbu xabar yuzasidan «O‘zagrokimyohimoya» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rajabboy Ochilovdan izoh oldi.
— Qashqadaryoga chigirtka yopirilgani va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarar yetkazayotgani qanchalik haqiqat? Agar xabarlar rost bo‘lsa unda chigirtka qayerdan kirib kelgan va «O‘zagrokimyohimoya» uni bartaraf etish uchun nimalar qilmoqda?
— Chigirtkalar Qashqadaryoga asosan qo‘shni Turkmanistondan keladi. Lekin hozir kirib kelolmaydi, chunki chigirtka 4-5 yoshga kirgandan keyin qanot chiqaradi. Shundan keyin ucha boshlaydi. Shamol, o‘zining uchish tezligi yordamida cho‘l hududlariga, Qashqadaryoning Dehqonobod, Nishon, Muborak, Tallimarjon tumanlariga keladi va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazadi. Oxirgi 4-5 yil ichida chigirtkalar qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazgan holatlar bo‘lmagan. Sababi texnikalarimiz kuchli. Deltaplan, Humo apparatli mashinalar, purkagichli traktorlar yetarli. Chigirtkalar bizni hududga hali kirib kelgani yo‘q. Bu may oyi oxiri va iyun oyi boshida, ya'ni chigirtka qanot chiqargandan so‘ng sodir bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Qashqadaryoning Qamashi, G‘uzor, Dehqonobod hududlariga o‘zimizdagi tog‘lardan ko‘proq chigirtka kirib keladi. Har yili bunga qarshi qattiq kurashamiz. Turkmaniston keyingi 2-3 yil ichida 150 tadan ortiq maxsus purkagich traktorlarni O‘zbekistondan xarid qildi. Turkmanistonning cho‘l hududlaridagi 1 mln gektar yerida chigirtkalar nihoyatda ko‘p. Ikki davlat Qishloq xo‘jaligi vazirligi, chegara qo‘shinlari o‘rtasida bitim tuzilgan. Unga asosan, ikki mamlakat o‘z hududidagi chigirtkalarga qarshi kurashadi. Hozir ikki tomondayam chigirtkalar yo‘q, kuzatib turibmiz. Shuning uchun bunday xavf yo‘q hozircha. Lekin bo‘lishi mumkin.
— Tahririyatimizga ko‘plab tomorqachi va dehqonlar takroriy ekilgan ekinlarga noma'lum kasalliklar ko‘p tushishi, buning oqibatida yetarli hosil ololmasligi borasida murojaat qilishadi.
«O‘zagrokimyohimoya» tomorqachi va dehqonlarning bu muammolaridan xabardormi? Agar tashkilot undan xabardor bo‘lsa nega ularga tavsiyaviy, amaliy jihatdan ko‘mak bermayapti?
— O‘zbekistonda bu sohada tajribali olimlar ko‘p. Toshkentda O‘simliklarni himoya qilish instituti bu borada izlanish olib boradi va kasalliklarni o‘rganib, tavsiyalar berilyapti. Lekin dori-darmon zavodlari respublikada 3-4 ta, xorijdan ham keltiriladi. Bunda muammo yo‘q.
Agar dehqon bizga murojaat qilib shartnoma tuzsa, jamiyatimiz qoshida «A'loxizmat» nomli xizmat tashkil qilingan va unda zararkunandalarga qarshi kurashuvchi yetarli texnikalar bor. Asosiy masala mablag‘. Qaytaraman, tomorqachi va dehqonlar bizning jamiyatlar bilan shartnoma tuzishlari kerak, shunda ularga xizmat ko‘rsatiladi.






