Semizlik bu – organizmda ortiqcha miqdorda yog‘ to‘planishidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016 yilda e'lon qilgan ma'lumotlariga ko‘ra, yer yuzida 18 yoshdan kattalar orasida 1,9 mlrd nafardan ko‘proq odam ortiqcha vazn bilan yashaydi (hozirda bu sonning yanada ortganini bemalol taxmin qilish mumkin). Ulardan 650 mlndan ko‘prog‘ida semizlik bor.
Ortiqcha vazn yoki semizlik asosan rivojlangan davlatlarda jiddiy muammoga aylangan. AQShda 18 yoshdan katta aholining 56 foizi, Buyuk Britaniyada 52 foizi, Isroilda 50 foizdan ko‘prog‘ida ortiqcha vazn borligi aytiladi. Hozir nafaqat rivojlangan davlatlarda, balki rivojlanayotgan davlatlarda ham (asosan shahar joylarida) ortiqcha vaznli odamlar soni ortib boryapti.
Xususan, respublikamizda ham mazkur muammo sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy oqibatlarni yuzaga keltirmoqda. Semizlik, asosan uning abdominal (qorin sohasidagi) shakli ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishida muhim rol o‘ynashi so‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida o‘z isbotini topdi.
Sohaga oid adabiyotlarda yozilishicha, 55 yoshdan kichik bo‘lgan 3-daraja semizligi bo‘lgan odamlarda 2-tur qandli diabet bilan kasallanish xavfi shu yoshdagi normal tana vaznida bo‘lgan odamlarga nisbatan erkaklarda 18, ayollarda 13 marta yuqori bo‘ladi.
55 yoshdan kichik yoshdagi ortiqcha tana vazni bo‘lganlarda qandli diabet xavfi, xuddi shu yoshdagi normal tana vaznlilarga nisbatan 3-4 baravar yuqori bo‘ladi.
Gipertoniya kasalligi xavfi esa 55dan kichik yoshdagi normal tana vaznlilarga nisbatan ortiqcha tan vaznlilarda 1,6 marta, 1-daraja semizligi bor shaxslarda 2,5-3,2 marta, 2-3-daraja semizligi bor shaxslarda 4-5,5 marta yuqori bo‘ladi.
Yurak ishemik kasalligi va bosh miyada qon aylanishi buzilishi (insult) chastotalari ikkala jinsda ham har qanday yoshda tana vazni indeksi ortishiga proporsional tarzda ortib boradi.
Xolesistit bilan og‘rish xavfi TVI (tana vazni indeksi) ortib borishi barobarida normal tana vaznlilarga nisbatan erkaklarda 4-21, ayollarda 2,5-5,2 marta yuqori bo‘ladi.
Bundan tashqari, tana vazni ortib borishi bilan osteoartrit, saratonning ayrim turlari, ayollarda menstrual siklning buzilishi, bepushtlik, tuxumdonlar polikistozi sindromi kabi kasalliklar bilan og‘rish xavfi ham ortib boradi.
Ya'ni ortiqcha vazn yoki semizlik shunchaki kasallik emas, balki boshqa ko‘plab kasalliklarning sababchisidir.

















