Trampning sobiq yordamchisiga jazo muddatining qolgan qismini uyda o‘tashga ruxsat berilgan. Bu haqda ABC telekanali xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, aprelda 71 yoshli Manafortning advokatlari AQSh federal turmalar byurosiga maktub yo‘llab, unda mijozlari koronavirusga chalinish xavfi ostida ekanini va uy qamog‘iga o‘tkazilishi kerakligini ta'kidlab o‘tishgan.
Ta'kidlanishicha, Manafort saqlangan turmada hozircha koronavirusga chalinish holatlari qayd etilmagan. Avval u 2024 yil noyabrda ozod etilishi mumkinligi taxmin qilinayotgandi.
Manafort Trampning saylovoldi shtabi tarkibiga 2016 yil martda kirgan va unga iyundan boshchilik qila boshlagan. Biroq Kiyev uni 2007-2012 yillarda noqonuniy ravishda yirik qiymatda pul olganlikda ayblagach, avgustdayoq bo‘shatib yuborilgan. 2019 yil 8 martida AQShning Aleksandriya shahri sudi Manafortni soliq va bank qonunlarini buzishda va xorijiy hisobraqamlarni yashirishda ayblab, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. 13 martda esa Vashingtondagi sud uni yolg‘on ko‘rsatmalar berish va lobbilik faoliyati haqidagi qonunlarga amal qilmaslik ayblovi bilan 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish qarorini chiqargan.








