O‘zbekiston | 08:54 / 15.05.2020
5511
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish Jizzaxdan boshlanadi

Prezidentning 11.05.2020 yildagi «Respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish quyidagilar qismida nazarda tutilgan:

respublika hududlarini bosqichma-bosqich qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish;

respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlariga ixtisoslashtirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida eksperiment tariqasida 2020–2022 yillar davomida Jizzax viloyatining jami 116,3 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar tasdiqlandi:

Jizzax viloyati ayrim hududlarini 2020–2022 yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor o‘simliklar hamda issiqxona xo‘jaliklariga ixtisoslashtirish ko‘rsatkichlari;

Jizzax viloyati ayrim hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirishda 2020–2022 yillar davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;

respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi.
 
1.01.2021 yildan boshlab 1.01.2023 yilga qadar tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari bojxona bojidan ozod etiladi.
 
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha subsidiyalar ajratiladi. Jizzax viloyatining ayrim hududlarida artezian quduq qazish va yer osti suvlaridan foydalanish maqsadida 6 mlrd so‘m mablag‘lar evaziga 6 dona burg‘ilash mashinasi xarid qilinib, Jizzax viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga bepul beriladi.

Mavzuga oid