Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan joriy etilgan dengiz blokadasi Erondagi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirgan. Amerika prezidenti ayni paytda Tehronga qarshi yangi harbiy amaliyot o‘tkazish bo‘yicha buyruq berishga tayyor emasligini anglatgan.
8-avgust kuni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini qayta tiklash uchun bir qator shartlarni e’lon qildi. Tramp esa Vashington bu talablarga katta e’tibor qaratayotgani yo‘qligini aytgan.
AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar hozircha faol bosqichda emas. U Eronda inflyatsiya juda yuqori ekani va mamlakat moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta’kidlagan.
Tramp AQShning dengiz blokadasi Eron iqtisodiyotidagi muammolarni yanada kuchaytirganini da’vo qildi. Uning aytishicha, Tehron hatto harbiy xizmatchilarga to‘lovlarni amalga oshirishda ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Eron AQSh oldiga yangi shartlar qo‘ydi
8-avgust kuni Tehron Vashingtondan sanksiyalarni bekor qilish va joriy yil iyun oyida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi AQSh harbiylari tomonidan buzilgani uchun kompensatsiya to‘lashni talab qildi.
Tasnim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi rahbari Muhammad Boqir Zulqadr Vashingtondan mamlakat boshqa AQSh tahdidlariga duch kelmasligi bo‘yicha kafolat talab qilgan.
Tehronning boshqa shartlari orasida AQSh qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqish, Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilish, sanksiyalardan voz kechish, muzlatilgan aktivlarni ochish va Eronga berilgan zarbalar uchun tovon to‘lash talablari ham bor.
Bundan tashqari, Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi Livan, Falastin, Yaman va Iroqdagi Eron ittifoqchilariga qarshi harakatlarni to‘xtatishni talab qilgan.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasi Eron va Ummon o‘rtasidagi muzokaralarga bog‘liq emasligini bildirgan. 9-avgust kuni IIMK bo‘g‘oz “dushman barcha shartlarni bajarmagunicha” yopiq qolishini ma’lum qilgan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv buzilgan
Manbada keltirilishicha, AQSh va Eron 17-iyun kuni imzolagan doiraviy kelishuv harbiy harakatlarni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani bekor qilishni nazarda tutgan.
Biroq 25-iyun kuni Eronga tegishli dron-kamikadze Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan fuqarolik tankeriga hujum qilgani xabar qilingan. Shundan so‘ng AQSh javob chorasi sifatida Eron hududidagi bir nechta nishonga zarba bergan.
8-iyul kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Donald Tramp Eron bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi endi amal qilmasligini aytgan. Shundan keyin AQSh Eronga qarshi neft sanksiyalarini qayta tiklagan.
Hozirgi vaziyatda Tramp ma’muriyati Tehronga yangi harbiy zarbalar berishdan ko‘ra, sanksiyalar va iqtisodiy bosim vositalari orqali ta’sir o‘tkazish yo‘lini afzal ko‘rayotgani aytilmoqda.











