Jahon | 01:48 / 16.05.2020
24264
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Rog‘un GESi qurilishiga 3 yil ichida 1,1 mlrd dollar yo‘naltiradi

Tojikiston Rog‘un GESi qurilishini moliyalashtirishga 2020-2022 yillarda 1,1 mlrd dollar yo‘naltiradi.

Foto: Facebook /khadamotimatbuot

“Avval GESni qurishga qo‘shimcha moliyalashtirish, jumladan yevrobondlar va oltin sotilishidan olingan mablag‘lar yo‘naltirilgan edi. Yillik moliyalashtirish 5 mlrd somoniygacha (488,2 mln dollar) yetgan. Joriy yilda stansiya qurilishi budjetda ushbu maqsadda ko‘zda tutilgan 2,1 mlrd somoniy (205 mln dollar) hisobigagina amalga oshirilmoqda”, deb ma'lum qilingan mamlakat moliya vazirligida. 

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda Rog‘un GESi qurilishi bosh pudratchisi – Italiyaning Salini Impregilo kompaniyasi moliyalashtirilishi jadvalga ko‘ra to‘liq hajmda amalga oshirilmoqda, biroq ba'zi mahalliy quyi pudratchilar ishi va xizmatlariga haq to‘lashda qarzdorlik mavjud. 

“Ayni vaqtda respublika uchun qulay sharoitlarda tashqi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, deb qo‘shimcha qilingan moliya vazirligida.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Rog‘un GESi qurilishi boshlangandan beri barcha moliyalashtirish manbalaridan 28 mlrd somoniy o‘zlashtirilgan.  

Stansiyaning ikkita birinchi gidroagregati ishga tushirilgan: birinchi agregat 2018 yil noyabrda, ikkinchisi 2019 yil sentyabrda foydalanishga topshirilgan. 

Umumiy hisobda GESning mashina zalida har biri 600 MVtli 6 ta gidroagregat o‘rnatish rejalashtirilgan. Stansiya qurilishi 2033 yilgacha to‘liq yakunlanishi kutilmoqda. Ma'lum qilinishicha, stansiya to‘liq foydalanishga topshirilgach yiliga o‘rtacha 17 mlrd kVt-soat elektr energiya ishlab chiqaradi. 

Mavzuga oid