Jahon | 00:57 / 19.05.2020
44756
2 daqiqa o‘qiladi

«Sizga qarashlaringizni o‘zgartirishni yoki ketishni tavsiya qilaman»: Ukrainaning birinchi prezidenti Putinga murojaat qildi 

Ukrainaning birinchi prezidenti Leonid Kravchuk ukrainalik jurnalist Alesya Batsmanning YouTube-kanalidagi intervyuda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qildi.

Videodan kadr

“Sizga, Vladimir Vladimirovich, odamlar qoni to‘kilsa yoqadimi? Siz insonparvar yoki odamlar o‘lsa yoqtiradigan insonmisiz? Men sizning ortingizdan ancha vaqtdan beri kuzataman va sizga odamlar o‘limi yoqishi haqidagi xulosaga keldim. Bu eng qo‘rqinchli narsa. Sizga qarashlaringizni o‘zgartirishni yoki ketishni tavsiya qilaman. Bo‘ldi”, deb aytgan Kravchuk.   

Ukrainaning birinchi prezidenti o‘z murojaatida Ikkinchi jahon urushiga to‘xtalib, urushning ko‘plab qurbonlaridan qochish mumkin bo‘lganini aytgan. Biroq bunga Iosif Stalin qarshi bo‘lgan. “U ochiqchasiga aytgan, ha mumkin [qurbonlardan qochish], biroq bizga urush nafliroqdir, chunki biz Germaniyani Angliya va Fransiya bilan to‘qnashtirishimiz kerak va bizda jahon inqilobi g‘alaba qiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Kravchuk.

U Budapesht memorandumi, Minsk kelishuvlari, Ukrainaning sobiq va amaldagi prezidentlari Viktor Yanukovich, Pyotr Poroshenko va Vladimir Zelenskiy haqida ham fikrlar bildirgan.

Leonid Kravchuk 1934 yilda Polshaning sobiq hududi, hozirda Ukrainaning Rovno oblasti hududidagi Velikiy Jitin qishlog‘ida dunyoga kelgan.

1991 yil 1 dekabrda Ukrainadagi ilk prezident saylovlarida prezident etib saylangan. Shu yilning 8 dekabrida Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin va Belarus oliy kengashi raisi Stanislav Shushkevich bilan sobiq ittifoqning tugashi va uning o‘rniga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkil etilishi haqidagi Belovejsk kelishuvini imzolagan.

U 1994 yilda muddatdan avval prezident saylovlariga rozi bo‘lib, ularda Leonid Kuchmaga yutqazgan.

Mavzuga oid