O‘zbekiston | 09:30 / 20.05.2020
4574
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda saylov okruglarining chegaralari o‘zgaradi

Deputatlarning fikricha, saylov okruglari chegaralarining o‘zgarishi natijasida saylangan deputatlarning ham hududi qisman o‘zgaradi. 

Foto: KUN.UZ

Qonunchilik palatasining joriy yil 19 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama etildi.

Ta'kidlab o‘tilganidek, mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishining asosiy taomillarini belgilaydi. Shuningdek, ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarining davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshiruvchi organlar va ularning vakolatlarini nazarda tutadi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas'ul qo‘mitada manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda unga qonunchilik texnikasi talablariga muvofiq holda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

“Asosiy tushunchalar” aks etgan moddada ikki va undan ortiq normalarda ishlatilayotgan tushunchalar mazmuni ochib berildi.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ysunuvidagi tuman va shaharlarning chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi, viloyatlar bo‘yicha tuman va shaharlarning chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi normalar loyihaga kiritilmoqda.

“Shaharlarni respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risida”gi norma alohida moddada aks etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 4 iyundagi farmoni bilan respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar toifasi belgilangan. Qonun loyihasida esa bu turkumdagi shaharlar bo‘yicha norma avvalgi qonunda mavjud emas edi.

Ma'muriy-hududiy masalalarni hal qilishda saylov okruglarining chegaralarini o‘zgartirishga oid modda munozaralarga sabab bo‘ldi. Deputatlarning fikricha, saylov okruglari chegaralarining o‘zgarishi natijasida saylangan deputatlarning ham hududi qisman o‘zgaradi. Amaliyotdan kelib chiqib hamda boshqa hujjatlarda ushbu norma aks ettirilmaganligi sababli ushbu qonun loyihasida tegishli modda keltirilmoqda.

Muhokamalarda ushbu hujjat Qonunchilik palatasining fraksiyalari, qo‘mitalari hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ko‘rib chiqilib, taklif va tavsiyalar olingani qayd etildi.

Bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid