Jahon | 01:16 / 21.05.2020
8057
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashga 40 mln dollar to‘play olgan 100 yoshlik britaniyalik qariyaga ritsar unvoni beriladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, koronavirusga qarshi kurashga 32,8 mln funt sterling (40 mln dollardan ko‘proq) mablag‘ yig‘a olgan Tom Mur Britaniyaning eng oliy davlat mukofotlaridan biri bilan taqdirlanadi va unga ritsar unvoni beriladi. 

Foto: Legion Media

Bu haqda Britaniya bosh vaziri Boris Jonson devonxonasi ma'lum qilgan.

“Xayriya yig‘ish bo‘yicha polkovnik Tom tomonidan boshlangan aqlbovar qilmas kampaniya butun mamlakatni ilhomlantirdi va koronavirus tumanida biz uchun umid mayog‘iga aylandi. Bu ajoyib voqeadan ta'sirlangan barcha nomidan unga katta rahmat aytmoqchiman. Bu inson – haqiqiy millat boyligidir”, deb aytgan Jonson.

Bosh vazir 100 yoshli faxriyni mukofotlashni shaxsan iltimos qilgan va Britaniya qirolichasi Yelizaveta II uning iltimosini bajo keltirgan. Murga ritsarlik unvoni berilishi rasmiy marosimi sanasi pandemiya davom etayotgani sababli hali belgilanmagan. Britaniyada ritsar unvoni ko‘pincha 5 darajalik Britaniya imperiyasi ordeni bilan birga beriladi. Murga hozircha qaysi darajadagi orden berilishi noma'lum, biroq kapitan unvonida iste'foga chiqqan qariyaga avvalroq polkovnik unvoni berildi.

Urush vaqtlarida Hindiston va Birmada xizmat qilgan qariya koronavirusga qarshi kurashda Britaniya sog‘liqni saqlash milliy tizimiga yordam berish maqsadida u uchun xayriya mablag‘lari yig‘ilishini e'lon qilgandan keyin mamlakatga tanilib ketdi. U mablag‘larni jalb etish uchun o‘zining bog‘ida 25 metrlik masofani yashagan yillariga teng marotaba, ya'ni 100 marta yurib o‘tishga va'da bergan. Biroq tinib-tinchimas qariya bu bilan to‘xtab qolmay, bog‘ini 200 marta aylanib chiqqan.  

Murning bu xayriya aksiyasi Britaniya aholisida katta qiziqish uyg‘otgan va u dastlab rejalashtirilgan ming funt sterlingdan o‘n minglab marta ko‘proq mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid