Alanna Armitaj

Butun Yevropa bo‘ylab, Ispaniyadan tortib Serbiyagacha, qariyalar uylari COVID-19 infeksiyasining qizg‘in o‘choqlariga aylandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, uzoq muddatli shunday muassasalarda istiqomat qiluvchi odamlar Yevropada koronavirusdan vafot etganlarning qariyb yarmini tashkil etmoqda.

Virusning dunyo bo‘ylab odamlar hayotiga chek qo‘yishi haqidagi yurakni hayajonlantiradigan statistik ma'lumotlar orasida mana shu raqam mening diqqatimni jalb qildi. Ushbu raqam bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojiani yoritmoqda, ammo negadir bu holat hayratlanarli darajada jamoatchilik e'tiborini unchalik jalb qilmayapti.

Statistika bo‘yicha, parvarish qilinadigan internatlarda yashaydigan keksa odamlar umumiy aholining judayam kam qismini tashkil qiladi – masalan, Yevropada kishi boshiga qariyalar uyida istiqomat qiladigan odamlar soni eng ko‘p bo‘lgan mamlakat – Germaniyada, keksalar soni aholining deyarli 1 foizini tashkil qiladi xolos. Bu esa, virus tufayli kelib chiqadigan o‘lim holatlari orasida aholining qariyalar uylarida yashovchi qismi haddan tashqari ko‘pirtirib ko‘rsatilgani to‘g‘risida tushuncha beradi.

Umuman olganda, keksa odamlarga pandemiya juda yomon ta'sir qiladi. Ularda COVID-19 tufayli og‘ir kasallikka chalinish xavfi yuqori va o‘limning 95 foizi 60 va undan katta yoshdagilar orasida sodir bo‘lmoqda. Bu esa aholisining aksariyat qismini yoshi ulug‘ odamlar tashkil qiladigan mintaqa – Yevropa o‘z hududlarida pandemiyani mana shunday katta vayron qilish kuchi bilan boshidan kechirayotganining sabablaridan biridir.

O‘z navbatida, keksa odamlar nafaqat sog‘liqni saqlash tizimidagi  xizmatlar, balki virus tarqalishining oldini olish choralari tarkibidagi jismoniy masofalanish (nomuvofiq tarzda ijtimoiy masofalanish deb nomlanadi) bo‘yicha ham jiddiy muammolarga duch kelishmoqda. Bu omillar ularning hayoti va turmush tarziga nomutanosib ta'sir ko‘rsatmoqda, chunki ular o‘zlari ishongan va kutgan ko‘pgina xizmat turlaridan, yordam va g‘amxo‘rliklardan mahrumdir.

Tabiiyki, qariyalar uylarida yashaydigan keksalar aholining e'tibordan chetda va qarovsiz qolgan, eng himoyasiz qatlami qatoriga kiradi.

Atrofida o‘z yaqinlarisiz, ba'zan yetarlicha moliyalashtirilmagan va zimmasiga haddan ziyod ko‘p ish yuklatilgan muassasalar tomonidan minimal darajada parvarish qilinadigan holda yolg‘izlikda vafot etayotgan qariyalar haqida dahshatli hikoyalarni eshitmoqdamiz.