Ignatev Putin rahbarligi vaqtida uni sudga bergan, umuman, Putinning qaroriga bu qadar keskin munosabat bildirgan ilk rahbar bo‘ldi. VVS prezidentni sudga berish mumkinmi yoki yo‘qligi borasida surishtiruv o‘tkazdi.
Ignatevning iste'fosi «ishonchni oqlamagani» bilan izohlangandi. U iste'fosidan oldin bir haftada ikkita mojaro markaziga tushib qolgandi.
U avvaliga Rossiyaning boshqa hududlaridan kelib «vaziyatni bilib-bilmay yozaveradigan» jurnalist va blogerlarning «tanobini tortib qo‘yish kerakligi»ni aytib, ko‘pchilikning tanqidlariga sabab bo‘lgandi.
Keyinchalik u FVV ofitseriga o‘t o‘chirish mashinasi kalitini berayotib uni sakrashga majbur qilgach, o‘z manziliga «iliq so‘zlar»ni qabul qilib oladi.
Gubernator bu holatda o‘zini oqlashga urinib, o‘sha o‘t o‘chiruvchi bilan yaxshi munosabatda ekanini, bu shunchaki hazil bo‘lganini aytdi. Ignatevning so‘zlariga ko‘ra, 2010 yil o‘t o‘chiruvchilar bilan birga o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishda qatnashgan hamda ular bilan birga tushonka va bo‘tqa yegan. Ammo bu «ta'sirli hikoyalar» foyda bermay Ignatevga tanqidlar yog‘ilishi davom etdi.
Hatto federal telekanallarda ham tanqid qilingach, Ignatev «manzilning oxiriga kelgani» aniq bo‘ldi. Chunki Rossiyada tun-u kun hukumat propagandasi bilan band bo‘ladigan telekanallarda tanqid qilinadiganlar odatda «suvdan quruq chiqolmaydi». Shunday bo‘ldi ham. Avvaliga «Yedinaya Rossiya»da partbiletidan mahrum qilingan Ignatev ertasiga iste'foga chiqarildi. Putin uning o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda qatnashganiga ham, o‘t o‘chiruvchilar bilan birga bo‘tqa yeganiga ham qarab o‘tirmadi.
Ignatev 20 may kuni Oliy sudga vakolatlari muddatidan avval bekor qilinganidan norozi bo‘lib arz qilgani ma'lum bo‘ldi. Uning arznomasidagi qo‘shimcha kafolatlar huquqi borasidagi qismi qaytirib berilgan va iste'foning o‘zi bo‘yicha berilgan ariza olib qolingan. Ishni ko‘rib chiqish 30 iyunga belgilandi.
Da'vo arizasining bir nusxasi Putinga yuborilgan. «Ishga ma'muriy javobgar sifatida Rossiya Federatsiyasi prezidenti jalb etilsin. Ma'muriy javobgarga da'vo arizasining nusxasi yuborilsin», deyilgan sud hujjatida.














