Rossiyada o‘z yuristlik faoliyatini olib borayotgan Zarnigor Omonillayeva bir necha kun avval feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida «Chegaralarni ochish kerak» sarlavhali postini e'lon qildi. Unda bir nechta davlat o‘z fuqarolari uchun chegaralarini ochayotgani, O‘zbekiston ham shunday yo‘ldan borishi kerakligi xususida so‘z boradi.

Ammo Rossiyadagi boshqa bir huquqshunos Botirjon Shermuhammad koronavirus xavfi hali bartaraf qilinmagani va chegaralarni ochishga ham erta ekanligini bildirdi.

Kun.uz muxbiri ushbu mavzu yuzasidan ikki huquqshunos ishtirokida onlayn munozara tashkil qildi. Unda huquqshunoslar o‘zlari bildirgan fikrlarini asoslashga harakat qilishdi.

Zarnigor Omonillayeva:– Postda avvalo migrantlar nima uchun uyga qaytish harakatida ekanligini ifodalab berishga harakat qildim. Ularning uyga qaytishi uchun qanday to‘siqlar borligi, chegaralarni yopiq tutish uchun qarshi argumentlarni tahlil qilishga harakat qildim. Shu bilan birgalikda, chegaralar ochilmasa nima bo‘ladi degan savoldan kelib chiqib ham o‘z fikrimni berishga harakat qildim. Bu holatni Rossiyada fuqarolari, mehnat muhojirlari anchagina qolib ketgan boshqa davlatlar – Armaniston va Moldova misolida vaziyatni tahlil qilishga harakat qildim. Armaniston yoki Moldova o‘z chegarasini ochmaganda balki mening ham bu masalada pozitsiyam kuchaymagan bo‘lardi. Chunki Rossiyadan vatanga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ko‘p. Armanistonga, Moldovaga qaytmoqchi bo‘lganlar ham o‘zining fuqarolari. O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlar ham o‘zining fuqarolari. Shuning uchun o‘zbekistonliklarni o‘zini uyiga kiritmasdan ularning chegaralarda, Rossiyaning o‘zida og‘ir sharoitda qolib ketishiga yo‘l qo‘yib berish koronavirusga qarshi kurashish nuqtai nazaridan ham noto‘g‘ri hisoblanadi. Hozirda mehnat muhojirlariga berilayotgan har qanday yordam bir martalikdir, ya'ni bevosita davomiy yordam emas. Mehnat muhojirining ishga chiqib ketgunicha yoki Rossiyada sharoit yaxshilanguncha ularni yaxshi sharoitda saqlab turish mumkin bo‘lgan yordam berilayotgani yo‘q. Bu yordam tugashi bilan o‘sha mehnat muhojirlari xuddi o‘sha sabablar bilan baribir yana uyga qaytishni istaydi. Shuning uchun ularning vataniga qaytishiga qarshi chiqqandan ko‘ra, qaytishiga ruxsat bergan holda bu jarayonlarni to‘g‘ri tashkillashtirish tarafdoriman.

Botirjon Shermuhammad: – O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi uchun chegaralar yopiq emas. Shu paytgacha O‘zbekiston o‘z fuqarolari uchun chegarani yopgani yo‘q. Muammo – O‘zbekiston chegarasiga yetib borishda. Fuqaro qayerda bo‘lishidan qat'iy nazar O‘zbekiston chegarasiga yetib borsa, hududga kirgiziladi. Hatto chet el fuqarosi bo‘lsa-yu, O‘zbekistonda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lsa, uni ham kirgizadi. Muammo doimiy samolyotlarning yo‘qligida va O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraning yo‘qligida – o‘rtada Qozog‘iston bor. Qozog‘iston o‘z hududida kasallik keng tarqalgani uchun chegarani chet el fuqarolari uchun yopgan. Poyezd va avtomobil yo‘llari Qozog‘iston orqali o‘tgani uchun ham O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lmagan muammo bor. Bu Qozog‘iston hukumati bilan birga hal qilinadigan masala. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar masalasini tashkil etishning ham o‘z muammolari bor. Chunki u bir tomonga bo‘sh keladi, doimiy reys emas, charter reys bo‘lgani uchun ham ikki baravarga qimmatga tushadi. Qaytishni istayotgan buncha odamni qaytarish masalasi bor.