Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari haqidagi Nizomni tasdiqlash va uning faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari haqidagi Nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadi a'zolariga to‘lanadigan oylik to‘lovlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi va ushbu xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun chegara oldi hududlarda joylashgan davlat muassasalari binolaridan alohida xonalar ajratadi hamda ularni mebel va kompyuter jihozlari bilan ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘maklashuvchi otryadlar chegara zonasida, Davlat chegarasiga tutash tumanlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, Davlat chegarasi yaqinida joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan ishchi va xizmatchilardan tashkil etiladi. 

Ko‘maklashuvchi otryadlar a'zoligiga yuklangan vazifalarni bajarishga ixtiyoriy ravishda ishtirok etish istagini bildirgan, sog‘lom, fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qiladigan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Ko‘maklashuvchi otryadlarga qabul qilish va ro‘yxatdan chiqarish Chegara qo‘shinlari harbiy qism komandirining buyrug‘i asosida, uning tarkibi hududning geografik joylashuvi, vaziyati va zaruratidan kelib chiqqan holda, har bir chegara bo‘linmasi qoshida tuzilib, uning tarkibi 1 nafar sardor va 9 nafargacha bo‘lgan otryad a'zolaridan tashkil topishi mumkin.

Ko‘maklashuvchi otryadlar a'zoligiga qabul qilish va ro‘yxatdan chiqarish Davlat xavfsizlik xizmati ichki idoraviy – hujjatlar asosida amalga oshiriladi.