– Temur, koronavirus futbolga qanday ta'sir ko‘rsatmoqda?

– Bu ham bir sinov. Virus barcha sohalarga o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. Xususan, sportga ham. Qaysidir sohalarda ishni uydan turib kompyuter orqali hal qilsa ham bo‘ladi. Lekin bizga mashg‘ulotlar o‘tkazishimizga maydon kerak.

2 oydan ortiq vaqt davomida uyda o‘tiribmiz. To‘g‘ri, yigitlar bilan xabarlashib turibmiz, uy sharoitida qanday mashg‘ulotlar o‘tkazish kerakligi borasida ko‘rsatmalar beryapmiz. Ammo futbol uchun bu kamlik qiladi. Uyda bajariladigan mashqlar bilan maydonda 90 daqiqa yugurib bo‘lmaydi.

– Iyun oyidan klublar mashg‘ulotlarga qaytishadi. Siz boshchilik qiladigan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qachon to‘planadi? Taxminiy rejalar bormi?

– Aslida virus bo‘lmaganida oktyabrgacha bo‘lgan rejalarimiz aniq edi. Xorijda yig‘inlar o‘tkazmoqchi edik, raqiblar ham tayyor edi. Lekin hozir vaziyat o‘zgardi – hammasi noldan boshlanadi.

Superliga taqvimini kutyapmiz. Chunki bizda sentabr oyigacha FIFA kunlari yo‘q, sparring raqiblar muammo bo‘lishi mumkin. Ozarbayjon va Xorvatiyadagi turnirlarga chaqirishdi. Lekin ungacha vaziyat qanday bo‘ladi, bilmaymiz.

Oldimizda 4 oy vaqt qolmoqda, bu jamoaviy o‘yinni shakllantirish uchun kam. Hozir turli variantlarni o‘ylayapmiz. Balki, jamoamizni Pro-ligada o‘ynatarmiz yoki Superliga jamoalariga qarshi tez-tez o‘rtoqlik bahslari o‘tkazarmiz.

– Sizning jamoangizda Superliga, Pro-liga, yoshlar ligasidan ham nomzodlar bo‘lishi mumkin. Ularning o‘yinlarini kuzatishda, yig‘inlarga to‘plashda muammolar bo‘lmaydimi?

– Superligada asosan 2 futbolchimiz harakat qiladi – Jasur Jaloliddinov («Bunyodkor») va Hojimat Erkinov (OKMK). Ulardan umidimiz katta.

Jamoaning asosiy qismini «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Nasaf» yoshlari tashkil etadi. Klublarga muammo yuzaga keltirmaslik uchun o‘yinchilarni navbatma-navbat yig‘inga chaqiramiz. Masalan, «Paxtakor»dan 8 nomzod bor. Bir hafta 3 nafarini, keyingi hafta 3 nafarini chaqirishimiz mumkin. Shu tarzda yigitlarning jismoniy holatini nazorat qilib turamiz.